PIC/S a’zoligi: mahalliy farmatsevtika sanoati uchun yangi imkoniyatlar
O‘zbekistonning PIC/S tashkilotiga a’zoligi mahalliy farmatsevtika ishlab chiquvchilari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochuvchi va xalqaro maydonda raqobatbardoshlikni keskin oshiruvchi muhim strategik qadam hisoblanadi.
Farmatsevtik inspeksiya bo‘yicha hamkorlik sxemasi (Pharmaceutical Inspection Co-operation Scheme - PIC/S) bu regulyator organlar o‘rtasidagi norasmiy, ammo global miqyosda katta ta’sir kuchiga ega kelishuv bo‘lib, u Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) standartlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish hamda inspektoratlar salohiyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Mamlakatimizning mazkur nufuzli tashkilotga a’zolik yo‘lidagi «Applicant» (arizachi) maqomini olgani milliy nazorat tizimini xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish va yangi bosqichga olib chiqish jarayoni rasman boshlanganini anglatadi. Mazkur maqom Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Zarur amaliyotlar markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan taqdim etilgan qo‘shma ariza asosida berildi.
PIC/S a’zosi bo‘lgan Milliy regulyator organ tomonidan berilgan sertifikatlarning xorijda tan olinishi esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ko‘plab to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita manfaatlarni taqdim etadi.

Jumladan, mahsulotlarni eksport qilishda qo‘shimcha xorijiy tekshiruvlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqi bozorlarga chiqish imkoniyati kengayadi, inspeksiyalarni takroran o‘tkazish holatlari qisqaradi, bu esa ishlab chiqarish vaqti hamda ortiqcha xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi.
Shu bilan birga, sertifikatsiya jarayonlari soddalashib, sohadagi ma’muriy yuklama pasayadi va tarmoqning xalqaro miqyosdagi reputatsiyasi yanada mustahkamlanadi.
Bugungi kunda Singapur (HSA), Malayziya (NPRA), Avstraliya (TGA), Yangi Zelandiya (Medsafe) va Shveysariya (Swissmedic) kabi qator yetakchi xorijiy davlatlarning regulyator organlari PIC/S a’zolari tomonidan berilgan GMP sertifikatlarni to‘liq tan oladi va takroran farmatsevtik inspeksiya o‘tkazmaydi. PIC/S tashkilotining o‘zi bevosita GMP sertifikatlarini taqdim etmasa-da, uning a’zolari tomonidan amalga oshiriladigan qat’iy va shaffof nazorat tizimi xalqaro miqyosda ulkan ishonch qozongan.
Umuman olganda, O‘zbekistonning ushbu nufuzli tuzilmaga a’zo bo‘lish sari tashlayotgan qadamlari mahalliy farmatsevtika sanoatini jahon standartlariga to‘liq moslashtirish, ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining yuqori sifati va xavfsizligini ta’minlash orqali eksport geografiyasini keskin kengaytirish hamda mamlakatimizning global farmatsevtika hamjamiyatidagi o‘rnini munosib darajada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA