Jamoa hasharda yanada jipslashdi
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi "BMB Agro" xo‘jaligi dalalarida "BMB Holding" xodimlari ishtirokida hashar bo‘lib o‘tdi.
Shanba kuni tashkil etilgan tadbirda xolding xodimlari kundalik ish muhitidan biroz uzoqlashib, tabiat qo‘ynida birga vaqt o‘tkazish, mehnat jarayonida yelkadosh bo‘lish va samimiy muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Bu galgi uchrashuvning o‘ziga xos jihati shunda bo‘ldiki, jamoa birdamligi bevosita mehnat maydonida namoyon bo‘ldi. Xodimlar paxta yig‘im-terimi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ish jarayonlarida ishtirok etib, dala mehnatining mashaqqati va zavqini birgalikda his qildilar.

Birgalikdagi mehnat esa jamoadagi samimiyatni yanada kuchaytirdi. Kimdir hosil yig‘ishda, yana kimdir boshqa jarayonlarda faol ishtirok etar ekan, o‘zaro hazil-mutoyiba, quvnoq suhbat va yelkadoshlik muhiti hukm surdi. Odatda ish jarayonida turli vazifalar bilan band bo‘ladigan hamkasblar bu kuni bir maqsad atrofida birlashdilar.
Daladagi mehnatdan keyin esa bir dasturxon atrofida jam bo‘lishdi. Dosh qozonda damlangan to‘y oshi barcha uchun birdek iliq kayfiyat ulashdi. Bir qozon, bir dasturxon va birga baham ko‘rilgan taom jamoaning o‘zaro ahilligiga hissa qo‘shdi.

Kuzning fayzli manzaralari, dalalardagi hosil va mehnat jarayoni tadbirga alohida ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Poliz mahsulotlari, paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi hosilini yetishtirish hamda hosilni yig‘ib-terib olish jarayonlari bilan tanishish orqali ishtirokchilar “BMB Agro” faoliyatining qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi haqida yorqin tasavvurga ega bo‘ldilar.
Kunning ikkinchi yarmida esa musiqa sadolari ostida jamoa a’zolari birgalikda raqsga tushib, kun davomidagi mehnat va hordiqni quvonchli lahzalar bilan yakunladilar. Dalada yelkadosh bo‘lgan jamoa kechga borib birga raqsga tushdi.

Tadbir davomida faolligi, tashabbuskorligi va jamoaviy harakatlari bilan ajralib turgan xodimlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Ular xolding rahbariyati tomonidan munosib taqdirlanib, qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.
Aslida, bunday tadbirlarning ahamiyati faqat hordiq chiqarish yoki ko‘ngilochar dasturlar bilan cheklanmaydi. Mehnat maydonida birga bo‘lish, bir dasturxon atrofida jamlanish, samimiy suhbatlashish va quvonchni birga baham ko‘rish odamlarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi.

Ayniqsa, hosil yig‘imi kabi barakali va mas’uliyatli jarayonda jamoa bo‘lib ishtirok etish mehnatning qadrini yanada teranroq his etishga, hamjihatlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu kun “BMB Holding” jamoasi uchun nafaqat mehnat va hordiq, balki birlik, baraka va samimiyat uyg‘unlashgan esda qolarli kun bo‘ldi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri