Kichik sanoat zonasida yana bir loyiha ishga tushdi
Mahalliy ishlab chiqarish – yangi imkoniyatlar va barqaror iqtisodiy o‘sish garovidir. Bugungi kunda Namangan viloyatidagi yetmishdan ortiq kichik sanoat korxonalarida ayni shu tamoyil asosida minglab ishlab chiqarish quvvatlari barqaror faoliyat yuritmoqda.
Yaqinda Uychi tumanida ana shunday korxonalaridan biri – “Ecopoletilen Plast Trade” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z faoliyatini boshladi.
Yorkatay sanoat zonasida amalga oshirilgan va umumiy qiymati 6 milliard so‘mga teng bo‘lgan loyihaning ilk bosqichiga ko‘ra, korxonada plastmassa granulalaridan meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va tashishga mo‘ljallangan yashiklar hamda turli mahsulotlarni qadoqlash, o‘rash, issiqxonalarda, shuningdek, sanoat va maishiy maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan selofan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Demak, oyiga olti mingta yashik va 10 ming metr selofan tayyorlash quvvati yaratildi.

Uychi tumani hokimining investitsiyalar va savdo-sanoat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Azamat Abdullayevning qayd etishicha, ishbilarmonning o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirilayotgan loyihaning hududiy joylashuvi tadbirkorlar uchun ayniqsa, qulay. Boisi, korxona yaqin hududlarda 30 dan ortiq meva-sabzavotlarni yig‘ish va qabul qilish punktlari faoliyat yuritmoqda. Mazkur loyiha tadbirkorlarning plastmassa yashiklarga bo‘lgan ehtiyojini mahalliy ishlab chiqarish hisobidan ta’minlash, mahsulotlarni sifatli saqlash va tashish hamda xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Jamiyat tomonidan loyihaning navbatdagi bosqichlarida tikuvchilik va qadoqlash ashyolari tayyorlash sexlarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu bilan korxonada yana 15 ta yangi ish o‘rni yuzaga keladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zAmuxbiri