Mahalliy korxonalar bilan hamkorlik kengaytiriladi
O‘zbekiston va Rossiya hududlari Kengashining III yig‘ilishi doirasida Farg‘ona viloyatining sanoat va investitsiya salohiyati, eksport imkoniyatlari hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari Farg‘ona shahridagi «Farg‘ona ekspo» xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida namoyish etildi, deb xabar beradi viloyat hokimligi axborot xizmati.
Tadbir ishtirokchilari ko‘rgazma bilan tanishib, viloyat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, yangi investitsiya loyihalari va sanoat tarmoqlarida yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot oldilar. Mehmonlarga viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamrohlik qildi.
Turli sanoat yo‘nalishlariga oid mahsulotlar, eksportbop tovarlar, tadbirkorlik sub’ektlarining ishlanmalari hamda viloyatda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar tadbir qatnashchilariga ko‘rsatildi.
Rossiya hududlari vakillari Farg‘onada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga qiziqish bildirib, mahalliy korxonalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratdilar.
Ko‘rgazma o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, yangi yo‘nalishlarni belgilash va amaliy hamkorlik uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA