Asalarilarni turli xavf-xatarlardan himoya qilish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda
Tabiatda shunday jonzotlar borki, ularning mittigina faoliyati butun insoniyat hayoti uchun katta ahamiyat kasb etadi. Asalarilar ana shunday beqiyos ne’mat yaratuvchi, tabiat muvozanatini saqlovchi jonzotlardan biridir. Ularning har bir uchishi, har bir gulga qo‘nishi ortida nafaqat shirin asal, balki o‘simliklarning changlanishi, hosildorlik va qishloq xo‘jaligining barqarorligi mujassam.
Shu bois bugun asalarichilikni rivojlantirish bilan bir qatorda asalari oilalarini turli xavf-xatarlardan himoya qilish masalasi ham tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi ekinlariga zararkunanda va kasalliklarga qarshi pestitsidlar bilan ishlov berish jarayonida ehtiyotkorlikka rioya qilish asalarilar hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi omildir.
Mamlakatimizda inson va tabiat manfaatlarini uyg‘un ta’minlash, qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, tadbirkor va fermerlar uchun qulay raqamli imkoniyatlar yaratishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan raqamlashtirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shu sa’y-harakatlarning amaliy ifodalaridan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-apreldagi 189-sonli “Asalari oilalarini joylashtirish, ko‘chirish va ular nobud bo‘lishining oldini olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror asalarilarni himoya qilish, asalarichilik sub’ektlari va qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, pestitsidlardan foydalanish jarayonida zarur ehtiyot choralarini ko‘rish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur talablarning ijrosini ta’minlash maqsadida vazirlik tomonidan muhim raqamli imkoniyat joriy etildi. Endi qishloq xo‘jaligi ekinlari va boshqa o‘simliklarga pestitsidlar bilan ishlov berish rejalashtirilgani haqida tegishli ogohlantirishlarni Agroportal orqali yuborish mumkin.
Bu nima beradi? Avvalo, asalarichi o‘zining asalari oilalarini ehtimoliy xavfdan oldindan himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qolaversa, fermer va dehqon xo‘jaliklari ham pestitsidlardan foydalanishda mas’uliyat bilan yondashishi, belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishi uchun aniq mexanizm shakllanadi.
Ya’ni, avval xavf yuzaga kelgandan keyin uni bartaraf etishga harakat qilingan bo‘lsa, endi uning oldini olishga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, pestitsidlar bilan ishlov berishga oid ma’lumotlarni maxsus “CropAgro” axborot tizimi orqali kuzatib borish imkoniyati ham yaratildi. Bu esa qishloq xo‘jaligida shaffoflik va nazoratni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Asalarichilikda eng katta xavflardan biri — ekin maydonlariga kimyoviy vositalar bilan ishlov berish jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilmasligidir. Chunki asalarilar uchun pestitsidlarning ayrim turlari juda xavfli bo‘lishi mumkin.
Bir qarashda kichik bir ogohlantirishdek tuyulgan xabar aslida butun bir asalari oilasining hayotini saqlab qolishi mumkin. Bir asalari oilasida minglab asalarilar bo‘lishini hisobga olsak, bu masalaning naqadar muhim ekanini anglash qiyin emas.
Asalarilar nobud bo‘lsa, faqat asalarichi zarar ko‘rmaydi. Buning ta’siri o‘simliklarning tabiiy changlanishiga, hosildorlikka, ekotizim barqarorligiga va pirovardida iqtisodiyotga ham daxl qiladi. Shuning uchun pestitsidlardan foydalanishda “mening dalam — mening ishim” qabilidagi yondashuv mutlaqo to‘g‘ri emas. Daladagi har bir harakat tabiatdagi boshqa jonzotlar, qo‘shni xo‘jaliklar va butun hudud ekologik muhiti bilan chambarchas bog‘liq.
Ayni paytda hududlarda dala chetlariga joylashtirilgan asalari oilalari haqida ma’lumot beruvchi maxsus plakatlarni tasdiqlangan namunaga muvofiq o‘rnatish ishlari ham olib borilmoqda. Bu oddiy plakat emas. U — dala egasi va asalarichi o‘rtasidagi mas’uliyatli munosabatning bir belgisi.
Plakatda asalari oilalari joylashgani haqidagi ma’lumotning aks ettirilishi fermer yoki pestitsid bilan ishlov beruvchi mutaxassisni oldindan xabardor qiladi. Natijada kimyoviy ishlov berish ishlarini amalga oshirishda zarur choralarni ko‘rish, asalarilarni xavfsiz hududga ko‘chirish yoki boshqa ehtiyot choralarini belgilash imkoniyati paydo bo‘ladi.
O‘simliklar karantini va himoyasi Buxoro viloyati Vobkent tumani bo‘limi Fitosanitar nazorati davlat inspektori O‘ktam Atoyevning ta’kidlashicha, yangi tartib asalarichilar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarining o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Uning fikricha, asalarilarni himoya qilishda eng muhimi — muammo yuzaga kelganidan keyin chora ko‘rish emas, balki uning oldini olishdir.
—Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, ekinlarni turli zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish uchun pestitsidlardan foydalanish zarur. Ammo bu jarayonda atrof-muhit, ayniqsa, asalarilar xavfsizligi hamisha e’tibor markazida bo‘lishi kerak. Yangi raqamli imkoniyatlar ana shu maqsadga xizmat qiladi. Fermerlar, dehqonlar va asalarichilar ushbu tizimdan samarali foydalansa, ko‘plab noxush holatlarning oldini olish mumkin”, — deydi O‘ktam Atoyev.
Davlat inspektorining ta’kidlashicha, hududlarda agroklasterlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda asalarichilik sub’ektlari o‘rtasida yangi moduldan foydalanish tartibini tushuntirishga qaratilgan ishlar ham izchil davom ettirilmoqda.
Bu esa raqamli texnologiyani shunchaki joriy etish bilan cheklanib qolmasdan, uni amalda ishlaydigan tizimga aylantirish muhimligini ko‘rsatadi.
Bugungi qishloq xo‘jaligi faqat ko‘proq hosil olishdan iborat emas. Zamonaviy agrar siyosatning muhim talabi — hosildorlik va ekologik xavfsizlikni bir vaqtda ta’minlashdir.
Bir tomonda fermerning manfaati, ikkinchi tomonda asalarichining mehnati, yana bir tomonda tabiatning nozik muvozanati turibdi. Ularning barchasini birlashtirib turadigan omil esa — mas’uliyat.
Asalari o‘zining kichik qanotlari bilan bir guldan ikkinchisiga uchib, tabiatda ulkan jarayonni amalga oshiradi. Inson esa ana shu tabiiy jarayonga zarar yetkazmaslikni o‘rganishi kerak.
Shu ma’noda, Agroportal va “CropAgro” tizimi orqali yo‘lga qo‘yilayotgan ogohlantirish va kuzatuv mexanizmi — oddiy raqamli yangilik emas. U asalarilar hayotini muhofaza qilish, fermerlar mas’uliyatini oshirish va qishloq xo‘jaligini ekologik jihatdan barqaror rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Eng muhimi, endi bir-biridan bexabar harakat qilish emas, oldindan ogohlantirish, axborot almashish va hamkorlik qilish imkoniyati bor. Zero, asalarini asrash — bir asalari oilasini emas, tabiat zanjirining muhim bir bo‘g‘inini asrashdir. Tabiatni asrash esa ertangi nonni, hosilni va kelajakni asrash demakdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri