Imkoniyat bor joyda natija bo‘lishi shart
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev raisligida Bekobod shahrida tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat va shahar tashkilotlari rahbarlari, faollar hamda mahalla yettiligi vakillari ishtirok etdi. Muloqot davomida 2026-yilning to‘qqiz oyida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yil oxirigacha bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar hamda 2027-yildagi ustuvor yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, shaharning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiyalarni jalb etish va eksport hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishlardagi mavjud muammolarni aniqlash, ularning yechimini topish va belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida viloyat darajasidagi mas’ul rahbarlar mahallalarga biriktirildi.

Qayd etilganidek, Bekobod shahrida 107 ming 600 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Xonadonlar soni 26 mingdan ortiq bo‘lib, jami 33 ta mahalla mavjud. Bu esa aholi turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy masalalarni manzilli hal etish va mahallalarning iqtisodiy imkoniyatlarini to‘liq ishga solishni taqozo etadi.
2026-yilning yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, shaharda ishsizlik darajasi 4,2 foizni yoki 1 ming 873 nafarni tashkil etgan. Kambag‘allik darajasi esa 3,6 foizga teng bo‘lib, 999 ta oiladagi 3 ming 880 nafar aholi mazkur toifaga kiritilgan. Shuningdek, hisobot davrida shaharda 149 ta jinoyat qayd etilgan. Ularning 33 tasi yoshlar, 8 tasi esa xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Davlat idoralariga jami 2 ming 380 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, takroriy murojaatlar ulushi 9,1 foizni tashkil etgan.

Ushbu ko‘rsatkichlar aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish, muammolarni joyida o‘rganish va ularning yechimiga qaratilgan choralarni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, debitor qarzdorlikni bartaraf etish, hududlarni obodonlashtirish hamda “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi hududlar” yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar holati ham muhokama qilindi. Xususan, ijtimoiy soha ob’ektlarining qish mavsumiga tayyorligi, ta’lim muassasalarida isitish tizimlari va zarur infratuzilmaning holati, tibbiyot muassasalarining mavsumga shayligi hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Joylardagi mahallalar faoliyati tahlil qilinganda, ayrimlarida ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar hamon qoniqarsiz darajada qolayotgani qayd etildi. Jumladan, reytingning quyi o‘rinlaridan joy olgan “Tinchlik”, “Birdamlik”, “Turkiston”, “Yoshlik” va “Yangi hayot” mahallalarida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va infratuzilmani yaxshilash borasidagi ishlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, yoshlar bilan ishlash, ularning bandligini ta’minlash, tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan manzilli ish olib borish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi. Aholi uchun madaniy tadbirlar va sayyor tibbiy qabullarni tashkil etish orqali joylardagi muammolarni aniqlash hamda ularga amaliy yechim topish muhimligi qayd etildi.

Viloyat hokimi muhokama qilingan har bir yo‘nalish aholi turmush farovonligi, hududning iqtisodiy salohiyati va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Mas’ul rahbarlardan mavjud muammolarga yuzaki yondashmasdan, ularni aniq hisob-kitoblar, manzilli chora-tadbirlar va amaliy yechimlar asosida bartaraf etish talab qilindi.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, ijro intizomini mustahkamlash va natijadorlikni muntazam nazorat qilib borish zarurligiga alohida urg‘u berildi.
A. Musayev, O‘zA