Eng yaxshi profilaktika inspektorlari aniqlandi
Navoiyda “Eng yaxshi profilaktika inspektori” tanlovining hududiy saralash bosqichi o‘tkazildi.
Bunday tanlovlarni muntazam tashkil etish xodimlarning xizmatga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirish, o‘z ustida ishlashga bo‘lgan intilishini kuchaytirish, kasbiy salohiyatini yuksaltirish hamda xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishishida muhim ahamiyat kasb etayotganligi alohida ta’kidlandi.
Tanlovda ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning jismoniy tayyorgarligi, jangovar ko‘nikmalari, psixologik barqarorligi, shuningdek, sohaga oid bilim va malakalari belgilangan mezonlar asosida sinovdan o‘tkazildi.

Musobaqa jarayonida xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishga tayyorgarligi, turli vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilishi, kasbiy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalari har tomonlama baholab borildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha qayd etilgan natijalar umumlashtirilib, yakuniy reyting shakllantirildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Qiziltepa tumani vakili, kapitan, S. Toyirov, 2-o‘rinni Nurota tumani vakili, kapitan B. Esanov va 3-o‘rinni Xatirchi tumani vakili, katta leytenant L. Nurmurodov egalladi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri