Xorazmda rahbarlar yoshlar bilan uchrashdi
Haftaning har payshanbasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni” deb e’lon qilingan. Shu kuni hududlarda rahbar va yoshlar uchrashuvlari, yoshlar bilan ochiq muloqotlar va boshqa tadbirlar tashkil etiladi. Xo‘sh, bugun Xorazmda qaysi rahbarlar yoshlar bilan uchrashdi?
Yangibozor tumanida bitiruvchi yoshlar, mahalla yoshlar yetakchilari hamda soliq sohasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzod Berdiyev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Saidov, viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Bobur Olimov qatnashgan uchrashuvda yoshlar masalalariga mas’ul bo‘lgan vakillarning faoliyati, bitiruvchilarni kelgusi hayotga tayyorlash va ularning bandligini ta’minlash borasidagi vazifalar muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida yoshlar bilan ishlashda mas’uliyatni oshirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
***
Xuddi shunday uchrashuv Urganch tumanida ham o‘tkazildi. Unda viloyat rahbarlari, bitiruvchi yoshlar, mahalla yoshlar yetakchilari hamda soliq sohasi vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning bandligini oshirish, tadbirkorlikka jalb etish hamda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mahalla yoshlar yetakchilari va soliq sohasi vakillari bilan hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarning muammolarini o‘rganish hamda ularni hal etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
***
Xorazm viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Masharipov Gurlan tumanida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida yoshlarning fikr va takliflari, ularni qiynayotgan masalalar tinglanib, mavjud muammolarni hal etish, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha fikr almashildi.

***
Qo‘shko‘pir tumanining Shixmashhad mahallasida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sirojbek Pirnafasov hamda tuman prokurori Shohrux Rajabov yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Samimiy va ochiq ruhda kechgan uchrashuv davomida yoshlarning ta’lim, bandlik hamda o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, yoshlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Muloqot jarayonida yoshlarni qiynayotgan masalalar muhokama qilinib, ularning murojaatlari yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
***
Viloyat sport boshqarmasining rahbariyati tomonidan ham haftaning har payshanbasi sportchi yoshlar bilan uchrashuv kuni sifatida belgilangan.

Mazkur uchrashuvlarda yosh sportchilarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini tinglash hamda sport bilan shug‘ullanish uchun mavjud imkoniyatlarni kengaytirish maqsad qilingan.

Bugun navbatdagi uchrashuv Xonqa tuman sport maktabida bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D. Ibragimov sportchi yoshlar bilan muloqot qilib, yoshlarning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini tingladi. Shuningdek, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berib, savollariga javob qaytardi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri