Dunyoga yangicha nigoh bilan boqayotgan yurt farzandlari
Ota-onaning farzand oldidagi muhim vazifalaridan biri uning ta’lim olishi, bilim va kasb egallashi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishdir. Voyaga yetgach esa farzandni qobiliyati, qiziqishi va intilishlariga mos sohaga yo‘naltirish uning hayotda o‘z o‘rnini topishi, el-yurt koriga yaraydigan inson bo‘lib kamolga yetishida muhim tayanch bo‘ladi.
O‘qish davrida o‘z bilimi va salohiyati bilan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsilni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lish, albatta, oson emas. Ota-ona bag‘ridan yiroqda, musofirchilikda ta’lim olish yosh insondan katta mas’uliyat va matonat talab etadi. Ayni paytda, bu yo‘l sharafli va ulkan imkoniyatlarga ham boy.
Shveysariya va Germaniya kabi davlatlar o‘zining yuksak taraqqiyoti, qat’iy intizomi va har bir sohadagi ilg‘or tajribasi bilan ajralib turadi. Ana shunday mamlakatlarda ta’lim olib, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlar yoshlarning o‘zi bilan birga uning ota-onasi zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Bugun yoshlarimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatlar faqat xorijni ko‘rish yoki yangi manzillarga borish bilan cheklanmaydi. Bunday safarlar yosh insonning dunyoqarashi, qiziqishlari va kelajak haqidagi tasavvurini kengaytiradi, uni yangi maqsadlar sari undaydi. Bu esa yoshlarning mustaqil fikrlaydigan, bilimga intiluvchan va hayotda o‘z o‘rnini topa oladigan insonlar bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi o‘quvchilari safida farzandimning ham borligi menga alohida quvonch bag‘ishladi. Doimo yonimda bo‘lgani uchun undan uzoqda o‘tgan kunlar men uchun oson kechmadi. Onalik xavotiri va sog‘inchi meni tinch qo‘ymadi. Bugungi texnika asrida turli vositalar orqali muloqot qilish imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, farzandga bo‘lgan mehr va sog‘inchni hech narsa to‘liq bosa olmaydi. Telefon orqali suhbatlar, onlayn muloqotlar esa biroz bo‘lsa-da, ko‘nglimga taskin berdi.
Farzandimning tengdoshlari bilan birga xalqaro o‘quv dasturida ishtirok etgani, yangi mamlakatlarni ko‘rib, dunyoqarashini kengaytirgani meni quvontirdi. Zero, bunday safarlar yoshlar uchun nafaqat ta’lim, balki mustaqillik, mas’uliyat va hayotga boshqacha nigoh bilan qarash maktabi hamdir.
O‘quvchilar uchun tashkil etilgan xalqaro o‘quv dasturining ilk manzili Shveysariyaning Jeneva shahri bo‘libdi. Bu yerda o‘quvchilar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropadagi qarorgohi faoliyati bilan tanishib, xalqaro diplomatiya, ko‘p tomonlama muzokaralar, tinchlik va xavfsizlik, inson huquqlari kabi yo‘nalishlar haqida bevosita mutaxassislardan ma’lumot oldi.

Bunday ma’lumotlarni darslikdan o‘qish bilan uning amaliy muhitini ko‘rish o‘rtasida, albatta, katta farq bor. O‘quvchi xalqaro tashkilotlar faoliyati haqida nafaqat eshitadi, balki o‘sha tashkilotlar ish olib boradigan muhitni ko‘radi, mutaxassislarga savol beradi, o‘zini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha fikr yuritadi.
Jenevadagi yana bir manzil – Jahon savdo tashkiloti qarorgohi bo‘lgan. O‘quvchilar tashkilotning xalqaro savdo tizimidagi o‘rni, vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishgan. Keyin Jeneva universitetida bo‘lib, ta’lim jarayoni, xalqaro dasturlar, ilmiy-tadqiqot faoliyati va xorijlik talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot olishgan.

Shveysariyaning tabiati, tozaligi va osoyishtaligi ham yoshlarda alohida taassurot qoldirgan chog‘i o‘g‘lim ehtiros bilan so‘zlab berdi.
– Shveysariya haqiqatdan ham juda go‘zal va toza mamlakat ekan. Tabiatining o‘zi kishini maftun etadi. Bu yerga kelayotgan turistlarning madaniyati, atrof-muhitga munosabati ham menda katta taassurot qoldirdi. Ta’lim sohasida ham o‘ziga xos yondashuv va aniq yo‘nalish bor ekan. Eng muhimi, mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni his qilar ekansiz, – deydi safardan olam-olam taassurotlar bilan qaytgach.

Uning bu gaplarida oddiy sayyohning taassurotidan ko‘ra ko‘proq narsa borligini his qildim. U mamlakatni faqat tabiati yoki shaharlari bilan emas, uning ta’lim muhiti, odamlarning madaniyati, turizmga munosabati va hayot tarzi bilan birga qabul qila boshlagan edi.

Jenevadagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasiga tashrif, Alp tog‘lari, shaharning tarixiy va sayyohlik maskanlari bilan tanishish ham o‘quvchilarning tasavvurini yanada boyitgan. Zero, safar davomida ta’lim va madaniyat, diplomatiya va turizm, tarix va bugungi taraqqiyot bir-biridan ajralmagan holda namoyon bo‘ladi.

Germaniya. Berlinning tarixiy va me’moriy qiyofasi o‘g‘limda alohida qiziqish uyg‘otgan chog‘i, Reyxstag binosi, Brandenburg darvozasi va boshqa tarixiy-madaniy obidalar orqali u Germaniyaning murakkab va boy tarixiga nazar tashladi. Shu bilan birga, zamonaviy Berlin qiyofasi mamlakatning bugungi taraqqiyoti haqida tasavvur berdi.
– Germaniyaning shahar me’morchiligi menda katta taassurot qoldirdi. Tarixiy obidalar va zamonaviy arxitektura uyg‘unligi shaharlarga o‘ziga xos qiyofa bag‘ishlagan. Ta’lim sohasidagi yutuqlari ham bejizga xalqaro miqyosda e’tirof etilmasligini angladim. O‘quv dasturlarida ishtirok etib, ta’lim olish va izlanishning yangi usullari bilan tanishdim. Bu esa menda yanada ko‘proq bilim olish, izlanish va o‘z ustimda ishlashga bo‘lgan ishtiyoqni kuchaytirdi, – dedi u.

O‘quvchilarning Yevropa Viadrina universitetida bo‘lishi ham shu ma’noda ahamiyatli bo‘ldi. Ular universitet muhiti, ta’lim jarayoni va Germaniyada tahsil olish imkoniyatlari bilan tanishdi. Bunday muloqotlar yosh insonga kelajakda qaysi yo‘nalishda o‘qish, qanday bilim va ko‘nikmalarni egallash zarurligi haqida aniqroq tasavvur beradi.

Farzandim qaytib kelgach, uning til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi yanada kuchayganini sezdim. Avval tilni asosan ta’lim va muloqot vositasi sifatida qabul qilgan bo‘lsa, endi uni dunyo bilan bog‘laydigan muhim ko‘prik sifatida ko‘ra boshladi.
Diplomatiya haqidagi qarashlari ham o‘zgardi. Elchixonalar, elchilar, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar haqida qiziqishi ortdi. Xalqaro diplomatik aloqalarni mustahkamlash masalalariga boshqacha nazar bilan qaray boshladi.
Turizm madaniyati haqida ham yangi tushunchalar paydo bo‘ldi. Sayohat faqat yangi joylarni ko‘rish emas, balki o‘sha yurtning tarixi, madaniyati, odamlari, urf-odatlari va tabiatini hurmat qilish ekanini anglay boshladi.
Eng muhimi, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlik, mamlakatlar o‘rtasidagi ta’lim, iqtisodiy va madaniy aloqalar haqida mutlaqo yangi fikrlar bilan qaytdi.
Aslida, ta’limning eng katta samarasini har doim ham imtihon natijasi yoki sertifikatda ko‘rib bo‘lmaydi. Ba’zan uni farzandingizning bergan savollaridan, qiziqishlaridan, dunyoga qarashidagi o‘zgarishdan sezasiz. Men ona sifatida ana shu o‘zgarishni ko‘rdim.

Yoshlarga xalqaro o‘quv dasturlari doirasida xorijga borish, nufuzli ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar va turli madaniyatlar bilan tanishish imkoniyatini berishning asl ahamiyati ham aynan shunda.
Bunday dasturlar o‘quvchini tayyor bilimni qabul qiluvchi emas, balki savol beradigan, izlanadigan, solishtiradigan va mustaqil xulosa chiqaradigan shaxs sifatida shakllantiradi. U dunyoni ko‘radi va o‘z yurtiga qaytib, “Bizda-chi?”, “Nima uchun?”, “Bu tajribadan nimani o‘rganishimiz mumkin?” degan savollarni bera boshlaydi. Bu esa har qanday ta’lim dasturining eng muhim natijalaridan biri, nazarimda.
Bugun litsey o‘quvchilari uchun xalqaro ta’lim dasturlari, akademik almashinuvlar, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik va ilg‘or tajribalarni o‘rganish uchun imkoniyatlar kengayib borayotgani quvonarli. Chunki bu imkoniyatlar orqali yoshlarimiz nafaqat xorijiy davlatlarni ko‘radi, balki o‘z kelajagini ham kengroq tasavvur qiladi.

Ona Vatanga qaytish oldidan u bilan telefon orqali muloqot qildim. Suhbat orasida “Ona sizga nima sovg‘a olay” deb so‘radi. Shunda bo‘g‘zimga bir nima tiqilgandek bo‘ldi, ko‘zim yoshlandi. Ona uchun bunday so‘zni eshitish naqadar yoqimli va shu bilan birga yuksak mukofot ekanligini yurakdan his qilganlargina bilishi mumkin. Shunda biroz jim turdim-da, “Seni bag‘rimga kelishing, ko‘zlarimga boqib, sizni yaxshi ko‘raman deyishingni o‘zi sovg‘a” dedim. Va ko‘nglimdan bir tuyg‘u o‘tdi. U ham bo‘lsa, sovg‘adan ham ulug‘roq bu – farzandning dunyoga yangicha nigoh bilan boqishi. Uning Shveysariya va Germaniyadan ana shu yangicha nigoh bilan qaytishi bu oilamizning, yurtimizning, kelajagimizning katta yutug‘idir. Zero, bu yutuqlar negizida Vatanga, onaga, millatga, qadriyatlarga bo‘lgan cheksiz hurmat va muhabbat bo‘y ko‘rsatgan bo‘lsa, ne ajab.
Nilufar Bozorova, O‘zA