35 nafar bolaga maktab formasi va o‘quv qurollari topshirildi
“Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash kabi ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan filial tomonidan kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘q va chin yetim bor oilalarning 35 nafar farzandiga xayriya qilindi. Ularga yangi o‘quv yili munosabati bilan maktab formalari va zarur o‘quv qurollari topshirildi.

– Bunday xayriya tadbirlari eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida davom etadi, – deydi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali rahbari o‘rinbosari Islambek Tajetdinov. – Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ijtimoiy ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan oilalardagi 35 nafar jajji bolajonning sunnat to‘yi tantanali nishonlandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilayotgan alohida e’tiborga to‘xtalishdi. Bolajonlarga “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan sovg‘alar topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri