Innovatsion yechimlar muhokama qilindi
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida hududda kambag‘allikni qisqartirishda zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlaridan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi, markaz direktori Baxitjan Habibullayev “Orolbo‘yi mintaqasida kambag‘allikni qisqartirishda aholini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashning innovatsion yechimlari” mavzusida ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, Orol mintaqasining murakkab iqlim sharoitida aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirishda an’anaviy usullar bilan bir qatorda ilg‘or ishlanmalarni joriy etish muhim zaruratdir. Markaz tomonidan Qoraqalpog‘istonning sho‘rlangan yer va suv tanqidchiligi sharoitiga moslashgan, qurg‘oqchilikka chidamli ekin turlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Tomorqalardan samarali foydalanish va uy sharoitida kam xarajat evaziga yuqori daromad olish imkonini beruvchi zamonaviy agrotexnik yechimlar tatbiq etilmoqda. Innovatsion markaz tomonidan ehtiyojmand va kam daromadli xonadonlarga sertifikatlangan urug‘liklar bepul tarqatilmoqda. Bu chora-tadbirlar tomorqa maydonlaridan oqilona foydalanish va oilalarning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida belgilangan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq hududlarida bandlikni ta’minlash va tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish vazifalari doirasida B.Habibullayev tomonidan har bir mahallada innovatsion namunali tomorqalar tashkil etish, iqlimga mos agrotexnologiyalarni ommaviy joriy qilish, genbank va biotexnologiyalar asosida yangi navlarni kengaytirish, xotin-qizlar va yoshlar uchun "yashil" tadbirkorlikni rivojlantirish, raqamli agromaslahat xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, xalqaro investitsiyalar va grantlarni keng jalb qilish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada kuchaytirish kabi 7 ta ustuvor taklif ilgari surildi.

Muhokamalarda Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraksiyasi, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlaridagi partiya guruhlari a’zolari hamda tuman partiya kengashlari raislari so‘zga chiqib, bildirilgan takliflarni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar.
Kun tartibiga qo‘yilgan masala yuzasidan partiya deputatlari o‘z saylov okruglari hududlarida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida B. Habibullayevning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilmiy ishlanmalari va innovatsion yechimlarini keng targ‘ib qilish, innovatsion agrotexnologiyalarning joriy etilishi va ularning samaradorligi ustidan tizimli deputatlik nazoratini yo‘lga qo‘yish va mavjud muammolarni o‘rganib, tegishli mas’ul tashkilotlarga deputatlik so‘rovlarini kiritib borish to‘g‘risida Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraksiyasining tegishli qarori qabul qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri