Qalblarda Vatanga muhabbat, dillarda istiqlol iftixori
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Shumanay tumanining olis hududlaridan birida o‘ziga xos ruh va ko‘tarinki kayfiyatda Vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.
Tadbir xalqimizning eng ulug‘ va bebaho ne’mati — istiqlolni ulug‘lash, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va daxldorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Festivalda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Shumanay tumani hokimligi hamda hududdagi kuch tuzilmalari rahbarlari, harbiy xizmatchilar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning olis hududda tashkil etilgani ayniqsa ahamiyatlidir. Zero, Vatan tuyg‘usi chegara bilmaydi, e’tibor esa manzil tanlamaydi. Yurtimizning eng chekka hududlarida yashayotgan yoshlarning ham qalbida istiqlolga muhabbat, harbiy xizmatga qiziqish va Vatan himoyasidek sharafli burchga daxldorlik hissini kuchaytirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Festival davomida namoyish etilgan zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika ko‘rgazmasi yoshlar uchun katta qiziqish uyg‘otdi. Harbiy texnikalar, qurol-aslahalar va maxsus vositalar bilan yaqindan tanishgan yoshlar harbiy kasbning mas’uliyati, sharafi va mashaqqatlari haqida tasavvurga ega bo‘ldilar.
Ayniqsa, qo‘l jangi ustalarining mahorat namoyishi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Harbiy xizmatchilarning chaqqonligi, jasorati, jismoniy tayyorgarligi va mukammal harakatlari yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Bu chiqishlar nafaqat kuch va mahorat namoyishi, balki iroda, matonat va intizom insonni yuksak marralar sari yetaklashining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Festival doirasida faxriy qorovul bo‘linmasining saf ko‘rinishlari ham namoyish etildi. Harbiylarning bir maromdagi harakati, yuksak intizomi va harbiycha salobati tomoshabinlarda chuqur taassurot uyg‘otdi. Safdagi har bir qadam ortida Vatanga qasamyod, xalq oldidagi mas’uliyat va yurt tinchligi uchun fidoyilik mujassam ekanligi namoyon bo‘ldi.
Tadbirning badiiy qismi esa bayramona ruhni yanada yuksaltirdi. Tuman va harbiy orkestr jamoalarining Vatan, istiqlol va ona yurtni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari uzoq hududda yashovchi aholi va yoshlar qalbiga o‘zgacha surur olib kirdi. Jarangdor kuylar ostida yangragan Vatan madhiyalari el-yurtimizning tinch va farovon hayotiga bo‘lgan shukronalik tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdirdi.
Darhaqiqat, Mustaqillik — bu shunchaki sana emas, balki xalqimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilash, erkin va farovon hayot qurish huquqidir. Uning qadriga yetish, uni asrab-avaylash va kelajak avlodga munosib yetkazish har bir yurtdoshimizning muqaddas burchidir.
Bugungi kunda yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ona yurt taqdiriga daxldor, jismonan baquvvat va ma’nan yetuk avlod etib voyaga yetkazish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar tobora kengayib bormoqda. Shumanay tumanining olis hududida tashkil etilgan ushbu festival ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Zero, Vatan himoyasi — sharaf, unga sadoqat — burch, uning tinchligi va taraqqiyotiga hissa qo‘shish esa har bir avlodning muqaddas mas’uliyatidir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri