DMED tizimi aholiga qanday qulayliklar yaratmoqda?
Shifokor qabuliga uzundan-uzun navbatlar, qog‘ozbozlik va sarsongarchiliklar o‘rnini bugun zamonaviy raqamli texnologiyalar egallamoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida tibbiyot muassasalarida bemorlarni ro‘yxatga olish, tibbiy ma’lumotlarni yagona raqamli makonda jamlash hamda ulardan tezkor foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda.
Prezidentimiz tomonidan tibbiyot sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida ushbu yo‘nalish to‘liq raqamlashtirilmoqda. DMED – mamlakatimizda joriy etilgan davlat raqamli tibbiyot axborot platformasi bo‘lib, u shifokor qabuliga yozilish, elektron tibbiy karta yuritish, tashxis va tahlil natijalarini saqlash, shuningdek, QR-kodli elektron retseptlarni rasmiylashtirish uchun xizmat qiladi. Hozirga qadar ushbu platformada 38 milliondan ziyod aholining elektron tibbiy kartasi shakllantirilgani sohadagi raqamlashtirish jarayonlari jadal ketayotganidan dalolat beradi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov ushbu tizimning yangi imkoniyatlari va uni yanada takomillashtirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Unda platformaning elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni samarali tashkil etishga doir yangi yechimlar namoyish etildi. Xususan, DMED tizimining “Imtiyozli yo‘llanma” modulida elektron navbat olishni takomillashtirish, elektron retseptni rasmiylashtirish, homiladorlik davri uchun mehnat ta’tilini elektron shaklda rasmiylashtirish kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, tibbiy axborot tizimlarini Raqamli sog‘liqni saqlashning yagona platformasi bilan integratsiya qilish, dori-darmonlarga bo‘lgan ehtiyojni shakllantirish bo‘yicha texnik yechimlar ko‘rib chiqildi.
Ayni paytda tizimda 2 500 dan ziyod IT-operator faoliyat yuritmoqda. Platforma imkoniyatlarini yanada yaxshilash maqsadida tibbiyot muassasalari zamonaviy texnikalar bilan jihozlanmoqda. Xususan, 2025-yilda tibbiyot muassasalari uchun qo‘shimcha 33,2 mingta kompyuter sotib olinib, ularning umumiy soni 88,6 mingtaga yetkazildi. Joriy yil davomida mahalliy byudjet hisobidan 15 500 ga yaqin kompyuter va 13 400 dan ortiq planshet xarid qilish rejalashtirilgan.
DMED platformasi 2025-2026-yillarda 25 dan ziyod davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyalashtirildi. Tizimda "Elektron poliklinika", "Yagona elektron tibbiy karta", "Elektron shifoxona", "Elektron retsept", "Elektron navbat", "Elektron laboratoriya", “KPI”, “Omborxona-2” kabi 20 dan ziyod modul joriy qilindi. Yangi tashkil etilgan modul yordamida ijtimoiy reyestrga kiritilgan 5 mingdan ziyod bemorning “Vaqf” fondi orqali ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan bepul davolanishi ta’minlandi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida esa 6 ta yangi xizmat yo‘lga qo‘yildi.
Natijada, Sog‘liqni saqlash vazirligining raqamlashtirish holati reytingi 2023-yilning birinchi yarmida 44,45 ballni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 84 ballga yetdi.
Umuman olganda, DMED platformasi tufayli qog‘ozli retsept va undagi o‘qilishi qiyin yozuvlar, dori vositasini noto‘g‘ri qabul qilish hamda shifokor qabulida uzoq navbat kutish kabi noxush holatlar o‘tmishga aylanmoqda. Bu esa aholining tibbiy xizmatdan foydalanish sifati va tezkorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA