Botir Zokirov ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma
Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida rassom Nilufar Xidoyatovaning Botir Zokirov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan “Arab tangosi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, Nilufar Xidoyatova 1964-yilda shifokorlar oilasida tug‘ilgan. 1998-1999-yillarda Toshkentning "Alladin" nomli yoshlar eksperimental teatriga ishga kirib, sahnada ijrochilik va qo‘shiqchilik faoliyatini boshladi. Tasviriy san’at faoliyatini 2009-yildan beri yuritib keladi. 2009-yildan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi.

Rassomning ikkita shaxsiy ko‘rgazmasi O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligiga hamda uchinchi shaxsiy ko‘rgazmasi “Mening olis Sug‘diyonam” deb nomlanib, Badiiy akademiyaning bir nechta zallarida namoyish etilgan.

Nilufar Xidoyatova bir necha yillardan beri o‘zining asarlarida sevimli qo‘shiqchisi va betakror ovoz sohibi Botir Zokirov siymosini yaratib kelmoqda. 2021-yil Toshkent shahar Madaniyat Bosh Boshqarmasi rassomni Botir Zokirov “Milliy san’atimizning fidoiysi” nomli tasviriy san’at yo‘nalishida Toshkent shahar ko‘rik tanloviga taklif etib gran pri taqdirladi. N. Xidoyatova grafika va rangtasvir asarlari bilan ommaga tanilgan rassomchilik bilan bir qatorda vokal yo‘nalishda ham o‘z iste’dodini namoyon qilib, qo‘shiqchilik bilan ham shug‘ullanib kelmoqda.

San’atdagi faoliyati professional tarzda rangtasvir va grafika yo‘nalishlarida ijod qiladi. Ushbu ko‘rgazmada rassomning turli xil yillarda yaratilgan 50 dan ortiq eng sara ishlari namoyishga qo‘yilgan. Nilufar Xidoyatova O‘zbekistonlik rassom va xonanda bo‘lib, o‘z ijodida tasviriy san’at hamda musiqani uyg‘unlashtirgan ijodkordir. San’at ixlosmandlari orasida qo‘shiq kuylaydigan rassom sifatida tanilgan.

Rassomning orzusi musiqa va ranglarni yagona tekislikda birlashtirish chunki bu ikki parallellik go‘zallik va ma’naviy muvozanatning uyg‘unligini tashkil qiladi.
Ko‘rgazma joriy yil 27-sentabrgacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA