Aqlbek Piyazov Renata Tebaldi nomidagi xalqaro tanlovda birinchi o‘rinni egalladi
San-Marino Respublikasida Renata Tebaldi nomidagi XI Xalqaro vokalchilar tanlovining opera yo‘nalishi bo‘yicha 2026-yilgi bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi.
San-Marinodagi Konkordiya teatrida o‘tkazilgan yakuniy konsertda tanlov g‘oliblari va sovrindorlari e’lon qilindi. Nufuzli xalqaro tanlovda turli davlatlardan opera ijrochilari ishtirok etdi.
Hakamlar qaroriga ko‘ra, birinchi o‘rin O‘zbekiston vakili, bariton Aqlbek Piyazovga nasib etdi. U 5000 yevro miqdoridagi pul mukofoti hamda hakamlar hay’ati raisi tomonidan taklif etilgan shartnoma bilan taqdirlandi, deya xabar bermoqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati.

Shuningdek, tanqidchilar hay’ati tomonidan ta’sis etilgan maxsus mukofot soprano Florentina Shumaxerga berildi. U 1000 yevro miqdoridagi mukofot bilan bir qatorda tomoshabinlar simpatiyasi sovrinini ham qo‘lga kiritdi. Tanlov doirasida boshqa maxsus mukofotlar ham o‘z egalarini topdi.

O‘zbekistonlik bariton Aqlbek Piyazov yakuniy konsertda Juzeppe Verdining “Makbet” operasidan “Rahm-shafqat, hurmat, sharaf” ariyasini ijro etdi.
Shuningdek, tadbir doirasida Renata Tebaldining hayoti va ijodiy merosiga bag‘ishlangan “Ideal soprano. Renata Tebaldining insoniy va badiiy merosi” kitobi muallifi Lukas Vianini bilan suhbat ham o‘tkazildi. Tanlovning yakuniy konserti Ameria Radio orqali jahon bo‘ylab to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

O‘zbekistonlik yosh vokal ijrochisi Aqlbek Piyazovning mazkur nufuzli xalqaro tanlovda birinchi o‘rinni egallashi mamlakatimizda opera va vokal san’ati rivoji, yosh ijodkorlarning xalqaro maydondagi ishtiroki va professional mahorati yuksalib borayotganining muhim natijalaridan biri bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA