Yoshlar uchun Germaniyadan yangi imkoniyatlar
Bugungi globallashuv davrida xalqaro mehnat migratsiyasi mamlakatlar iqtisodiyoti va yoshlar rivojlanishining muhim omiliga aylandi.
Xususan, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida imzolangan hukumatlararo migratsiya va mobillik to‘g‘risidagi bitim mamlakatimiz yoshlari uchun Yevropaning eng rivojlangan davlatida xavfsiz, tartibli va qonuniy ravishda kasb egallash hamda mehnat qilish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Bugungi kunda yoshlarni maqsadli kasbga yo‘naltirish, nemis tilini mukammal o‘rgatish va ularni Germaniya mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash tizimi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Shunga ko‘ra, “Yoshlar oromgohi”da Yoshlar ishlari agentligi va “GIZ“ hamkorligida yoshlarni kasbga yo‘naltirish hamda Germaniyaga xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasiga tayyorlashga qaratilgan 3 kunlik seminar tashkil etildi.

Seminarda respublikamizning barcha hududlaridan 70 nafardan ortiq yosh ishtirok etdi. Dastur davomida yoshlarga Germaniyalik mutaxassislar, Ichki ishlar vazirligi, Migratsiya agentligi, Kasbiy ta’lim agentligi hamda hamkor tashkilotlar ekspertlari tomonidan yoshlarga Germaniyada malakali ish topish talablari, mavjud dasturlar, kasbiy rivojlanish va qonuniy mehnat migratsiyasi bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Maqsad — yoshlarning kasbiy imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishdan iboratdir.
G.Boboyeva, O‘zA