11 nafar sirdaryolik ustoz g‘oliblar qatoridan joy olishdi
O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan «Yil o‘qituvchisi» respublika tanlovida Sirdaryo viloyatidan 11 nafar, respublika bo‘yicha esa 208 nafar pedagog g‘olib bo‘ldi. 46 mingdan ortiq o‘qituvchi ishtirok etgan bellashuvda sirdaryolik ustozlar kasbiy bilim va mahorati, ilg‘or tajribasi hamda ta’lim jarayonidagi natijalari bilan yuqori natijalarni qayd etishdi.
Sirdaryoda ham tanlovning viloyat bosqichi yuqori raqobat muhitida o‘tkazildi. Unda viloyatning shahar va tumanlaridan saralab olingan 22 nafar pedagog uch kun davomida o‘z kasbiy salohiyati, dars o‘tish mahoratlari va ilg‘or tajribalarini namoyish etdi.
Guliston shahridagi Sirdaryo viloyati Pedagogik mahorat markazida tashkil etilgan bellashuvda ishtirokchilar bir nechta yo‘nalish bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. Ularning dars o‘tish mahorati, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmasi, ma’naviy-ma’rifiy faoliyati, kitobxonlik madaniyati hamda ish tajribasida erishgan natijalari baholandi.
Tanlovning viloyat bosqichiga qadar ishtirokchilar bir necha saralash jarayonidan o‘tdi. Dastlab pedagoglarning malaka toifasi natijalari inobatga olingan bo‘lsa, keyingi sinovlarda ularning kasbiy bilimi va amaliy ko‘nikmalariga e’tibor qaratildi. Yakuniy bosqichda esa o‘qituvchilar o‘z faoliyatida qo‘llagan innovatsion yondashuvlari, amalga oshirgan ishlari va erishgan natijalari haqida taqdimot qildi.
Bellashuvning muhim sinovlaridan biri kitobxonlik bo‘yicha test jarayoni bo‘ldi. Ishtirokchilarga tavsiya etilgan 21 ta manba asosida savollar berildi. Ularning 16 tasini badiiy adabiyotlar tashkil etgan bo‘lsa, qolgan manbalar Prezident asarlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «Ta’lim to‘g‘risida» hamda «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonunlarni qamrab oldi.
Natijada Sirdaryo viloyatidan 11 nafar pedagog respublika tanlovi g‘oliblari qatoridan joy oldi. Ular orasida Shirin shahridagi 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Sayyora Berdiyorova ham bor.
— Rostini aytsam, uch bosqichli sinovlar davomida faoliyatim va shaxsiy rivojlanishim bo‘yicha yuqori baholarga sazovor bo‘lganim keyingi sinovlarda menga katta ishonch berdi. Ammo «Yil o‘qituvchisi» bo‘la olarmikanman degan savol hamisha xayolimda bo‘ldi. Natija e’lon qilinganda esa avval biroz ishonmadim. Keyin hayajon va quvonchni his qildim.
Bu yutuqni faqat o‘zimniki deb hisoblamayman. Meni qo‘llab-quvvatlagan yaqinlarim, ustozlarim va kasbdoshlarimning ham hissasi bor. Bunday e’tirof, avvalo, biz, o‘qituvchilarga yanada yaxshi ishlash, o‘z ustimizda ishlash va yangi natijalarga intilish uchun kuch beradi, — deydi Sayyora Berdiyorova.
«Yil o‘qituvchisi» tanlovining ilk bor o‘tkazilishi pedagoglarning kasbiy mahoratini namoyon etish, ilg‘or tajribalarini ommalashtirish va mehnatini rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Sirdaryolik 11 nafar pedagogning respublika miqyosida g‘oliblar safidan o‘rin olgani viloyatda ta’lim sohasida mehnat qilayotgan ustozlarning kasbiy salohiyati va izlanishlari samarasini namoyon etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri