Aksiyada universitet hamda institut talabalari ishtirok etishdi
Butunjahon tozalik kuni munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida ham «Hayot uchun joy ajrating!» shiori ostida ommaviy plogging aksiyasi o‘tkazildi.
Sayqal mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi «Do‘stlik» kanali bo‘ylarida tashkil etilgan aksiyada ekologiya sohasi xodimlari bilan birga talaba yoshlar, ekofaollar, ekoblogerlar va OAV vakillari faol ishtirok etdi. Ular kanal sohillarini chiqindilardan tozalash barobarida, jamoatchilik e’tiborini tozalik va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabat masalalariga qaratdi.
Ploggingning o‘ziga xos jihati shundaki, u jismoniy faollikni tabiatga g‘amxo‘rlik bilan uyg‘unlashtiradi. Bunday aksiyalar, ayniqsa, yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirish, tabiatni asrashga daxldorlik hissini kuchaytirish va tozalikni kundalik odatga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
— Bugungi aksiyada turli soha vakillarining bir maqsad atrofida birlashgani quvonarli. Chunki atrof-muhitni asrash faqat ekologlar yoki mas’ul tashkilotlarning emas, barchamizning umumiy vazifamizdir. Tabiat qo‘yniga chiqindi tashlamaslik, uni belgilangan joyga yetkazish, yashil hududlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish kabi oddiy qoidalarning o‘zi ekologik madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi. Bugungi aksiya esa ana shu mas’uliyatni amaliy harakat orqali namoyon etdi, — deydi Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Nu’monov.
[gallery-31530]
E’tiborli jihati shundaki, Guliston shahridagi aksiyada Guliston davlat universiteti hamda Guliston davlat pedagogika instituti talabalari ishtirok etishdi. Yoshlar kanal bo‘ylarini tozalash jarayonida faol qatnashib, tabiat, hudud tozaligi va obodligiga befarq emasligini amalda namoyon etishdi.
— Plogging haqida avval eshitgan edim, lekin unda ishtirok etib ko‘rmaganman. Bugungi aksiyada qatnashib, uning oddiy tozalash tadbiridan farq qilishini angladim. Chunki bu yerda jismoniy faollik bilan birga tabiatga g‘amxo‘rlik, tozalikka e’tibor va ekologik mas’uliyat ham uyg‘unlashgan.
Aksiyaga kursdoshlarim bilan birga keldik. Kanal bo‘ylarini chiqindilardan tozalash, atrof-muhitni asrashga o‘z hissamizni qo‘shish biz uchun ham foydali, ham ibratli bo‘ldi. Eng muhimi, bunday tadbirlar yoshlarni tabiatga befarq bo‘lmaslikka, uni asrash va tozalikni saqlashga undaydi, — deydi Guliston davlat universiteti talabasi Charos Jo‘rayeva.
Aksiya davomida chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish uchun 3 ta texnika jalb etildi. Tadbir natijasida qariyb 1 tonna chiqindi hududdan olib chiqildi. Aksiyada 16 ta jamoa tarkibida 170 nafar ishtirokchi qatnashdi. Yakunda faolligi bilan ajralib turgan 3 ta jamoa va 9 nafar ishtirokchi tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat), O‘zA