BMTning korrupsiyaga qarshi global forumi Markaziy Osiyoda ilk bor O‘zbekistonda o‘tkaziladi
Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi va tashabbusi bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy va institutsional asoslarni mustahkamlash, korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi murosasiz kurashishga qaratilgan tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimiz korrupsiyaga qarshi kurashish borasida mintaqaviy va global tashabbuslarni ilgari surish, ularni qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishda ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Islohotlarning yuksak samarasi sifatida 2025-yil dekabr oyida Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlarining 11-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar 180 dan ortiq ishtirokchi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xususan, Konvensiyaning navbatdagi konferensiyasini 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilindi.
Ma’lumot o‘rnida: BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi yagona universal, yuridik jihatdan majburiy xalqaro hujjatdir.
Konvensiyaning 192 ta ishtirokchi davlati konferensiyasi har ikki yilda bir marotaba o‘tkazilib, sohada global qarorlar qabul qilinadigan asosiy xalqaro maydon hisoblanadi. Mazkur global forum Markaziy Osiyoda ilk bor O‘zbekistonda o‘tkaziladi.
Ayni paytda mamlakatimizda ushbu konferensiyani yuqori saviyada va berilgan yuksak bahoga munosib ravishda o‘tkazish maqsadida BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (GJB) Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Bridjit Shtrobel-Shou boshchiligidagi missiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov missiyani qabul qildi.
Agentlik direktori so‘nggi yillarda BMT institutlari bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik faol muloqotlar asosida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, mazkur oliy darajadagi tadbirni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, tayyorgarlik jarayonida yaqindan ko‘mak ko‘rsatayotgani uchun BMT vakillariga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston konferensiyani yuqori saviyada o‘tkazish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish yo‘lida barcha imkoniyat va salohiyatini safarbar etishga tayyor.

Uchrashuvda konferensiyaga tayyorgarlikning tashkiliy va huquqiy jihatlari muhokama qilindi.
Tomonlar tayyorgarlikning barcha bosqichlarida yaqin hamkorlikni davom ettirish hamda konferensiyani yuqori saviyada va muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun zarur chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi.
BMT GJB vakillari mazkur nufuzli xalqaro anjumanning O‘zbekistonda o‘tkazilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan qat’iy va izchil islohotlarga xalqaro hamjamiyatning yuksak ishonchi va e’tirofi ekanini ta’kidladilar.

Qayd etilganidek, bu mamlakatimizning global aksilkorrupsiya hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi mustahkamlanib, O‘zbekiston xalqaro aksilkorrupsiya harakatining muhim ishtirokchisi sifatida tobora faol maydonga chiqib borayotganining yana bir tasdig‘idir.
Missiya, shuningdek, global konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan ob’ektlarga tashrif buyurib, tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi hamda barcha yo‘nalishlardagi ishlar yuqori saviyada va puxta tashkil etilayotganini qayd etdi.
Konferensiya doirasidagi tadbirlar, muloqot va muhokamalarni tashkil etish, xorijiy delegatsiyalar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
“Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida xalqaro hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi sa’y-harakatlarini ifodalovchi monumentga tashrif chog‘ida O‘zbekistonning korrupsiyaga nisbatan mutlaq toqatsizlik siyosati hamda xalqaro hamjamiyatni ushbu global illatga qarshi birgalikda va qat’iy kurashishga chorlovi yana bir bor namoyon etildi.
Tashrif doirasida global konferensiyaga tayyorgarlik masalalari yuzasidan mamlakatimiz rasmiylari bilan qator uchrashuv va muhokamalar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
N.Abduraimova, O‘zA