Yangi qonunning mazmun-mohiyati tushuntirildi
O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi Qonuni yangi tahriri mazmun-mohiyati va unda belgilangan ustuvor vazifalar Xovos tumani 1-son sport maktabida o‘tkazilgan o‘quv-seminarda keng muhokama qilindi.
Seminarda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun fuqarolarga yaratilayotgan imkoniyatlarni kengaytirish, aholini ommaviy sportga jalb etish, bolalar va yoshlar sportini rivojlantirish, sportchilar hamda murabbiylarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yangi tahrirdagi qonunda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, sport infratuzilmasini rivojlantirish va sport bilan shug‘ullanish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashga qaratilgan muhim normalar belgilangani qayd etildi.
Shuningdek, qonun normalarining amaliyotdagi ahamiyati, sohada faoliyat yuritayotgan mas’ul va mutaxassislarning vazifalari hamda sport inshootlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Aholining turli qatlamlarini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning sportdagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish muhim vazifalardan ekani ta’kidlandi.

Seminar davomida sportchilar va murabbiylar faoliyati uchun munosib sharoit yaratish, sohada qonun talablariga rioya etish, belgilangan vazifalarni amaliyotga samarali tatbiq qilish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar belgilab olindi.
— Bunday o‘quv-seminarlar qonun normalarini sohada faoliyat yuritayotgan mas’ul va mutaxassislarga yanada keng yetkazish, ularning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda belgilangan vazifalarni amaliyotga samarali tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi 1-son sport maktabi direktori Ra’no Xolboyeva.
Yangi tahrirdagi qonun jismoniy tarbiya va sportni aholi hayotining ajralmas qismiga aylantirish, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, sport sohasidagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri