Asosiy mezon — murojaatlarning ijobiy yechim topishi
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammo va takliflarini o‘z vaqtida o‘rganish, murojaatlariga amaliy yechim topish bugungi yoshlar siyosatidagi ustuvor vazifalardan biridir. Prezident tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni «Yoshlar kuni» etib belgilangani yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini chuqur o‘rganish va har bir masala bo‘yicha aniq yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sirdaryo viloyatida ham «Payshanba — Yoshlar kuni» doirasida yoshlar murojaatlari bilan ishlash tizimli yo‘lga qo‘yilmoqda. Viloyat Yoshlar markazida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mas’ul rahbarlar ishtirokida hafta davomida yoshlardan kelib tushgan murojaatlar ijrosini tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqdi.

Uchrashuvda har bir murojaatning ijrosi alohida tahlil qilinib, belgilangan muddatlarda masalani hal etishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mas’ullarga tanqidiy munosabat bildirildi. Xususan, 8 nafar yoshning murojaatini o‘z vaqtida hal etmagan 8 nafar rahbarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ta’kidlandi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 21 nafar hududiy tashkilot rahbari ham tanqid qilindi.

Masalaga munosabat aniq: har bir yoshning murojaatini qabul qilishning o‘zi yetarli emas, asosiy mezon — uning amalda ijobiy yechim topishidir. Shu bois mas’ullarga murojaatlar ijrosini cho‘zmaslik, har bir masala ortida inson taqdiri va manfaati turganini inobatga olgan holda ish yuritish, shaxsiy mas’uliyat hamda ijro intizomini yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

— «Payshanba — Yoshlar kuni»ning asosiy maqsadi yoshlarning murojaatlarini eshitish bilan cheklanib qolmasdan, ularni qiynayotgan masalalarga aniq va amaliy yechim topishdan iborat. Bugungi uchrashuvda hafta davomida kelib tushgan murojaatlar ijrosi tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqilib, belgilangan muddatlarda hal etilmagan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi. Shuningdek, xorijda bo‘lib turgan sirdaryolik yoshlar bilan onlayn muloqot o‘tkazilgani ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Rossiya, AQSH, Germaniya, Angliya, Turkiya, Janubiy Koreya, Gonkong, Qozog‘iston kabi davlatlarda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalarni bevosita bildirish imkoniga ega bo‘lishdi. Ishsizlik, kadastr, kredit olish kabi yo‘nalishlarda bildirilgan murojaatlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi.
Bugun yoshlar bilan ishlashda eng muhim mezon — murojaatlar soni emas, ularning natijadorligidir. Har bir murojaat e’tibor va nazoratda bo‘lishi, har bir yosh o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmasligi kerak. Bu borada «Payshanba — Yoshlar kuni» tizimi yoshlar bilan ochiq va manzilli ishlash, ularning muammolariga yechim topish hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim mexanizmga aylanmoqda, — deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev.


Shu kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov xorijda bo‘lib turgan sirdaryolik yoshlar bilan ham onlayn muloqot o‘tkazdi. Ayni paytda 3 ming nafardan ziyod sirdaryolik yosh mehnat, ta’lim va boshqa maqsadlarda xorijda bo‘lib turibdi. Muloqotda Rossiya, AQSH, Germaniya, Angliya, Turkiya, Janubiy Koreya, Gonkong va Qozog‘istondagi yoshlar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat qildi.


Ularning ishsizlik, kadastr, kredit olish kabi masalalarga oid murojaatlari tegishli mas’ullarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.

Demak, «Payshanba — Yoshlar kuni» oddiy uchrashuv yoki murojaatlarni ko‘rib chiqish kuni emas. U yoshlarni eshitish, muammosini aniqlash, mas’ulni belgilash va eng muhimi, natijaga erishishga qaratilgan amaliy tizimdir. Bu jarayonda asosiy mezon — o‘tkazilgan uchrashuvlar soni emas, balki har bir murojaat ortida turgan yoshning muammosi qanchalik hal etilganidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri