Senat yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Majlisning birinchi ish kunida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirish, milliy gvardiya faoliyatini takomillashtirish, xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi konvensiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan bog‘liq bayonnomalarni ratifikatsiya qilishga oid qonunlar ma’qullandi.
Majlisning ikkinchi ish kunida Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirishga doir masalalar ko‘rib chiqiladi.

Yalpi majlisda yer va ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi hamda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz.
N.Abduraimova,
N.Haydarov(surat), O‘zA