Samolyot kechiksa, yo‘lovchiga zararni kim qoplab beradi?
Samolyotning bir necha soat kechikishi kim uchundir shunchaki kutishdek ko‘rinishi mumkin.
Ammo aeroportda kutib turgan yo‘lovchi uchun bu — buzilgan reja, qolib ketgan uchrashuv, ish yoki boshqa reysga ulgurmaslik, qo‘shimcha xarajat degani. Ayniqsa, reys tashuvchining aybi bilan kechiksa, yo‘lovchining huquqlari qanday ta’minlanishi masalasi dolzarb bo‘ladi.
Raqobat qo‘mitasi havo transporti xizmatlari bo‘yicha aynan shu kabi holatlarni o‘rganmoqda.
Havo transporti xizmatlari bo‘yicha iste’molchilar murojaatlari 2026-yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,1 barobarga ko‘payib, 300 dan ortiqni tashkil etdi.
Murojaatlarda reyslarning bir necha soatga kechikishi, yo‘lovchilarga o‘z vaqtida aniq axborot berilmasligi, sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olinishi kabi holatlar qayd etilgan.
Tahlillarga ko‘ra, ayrim hollarda tashuvchining aybi bilan kechikkan reyslar bo‘yicha yo‘lovchilarga kompensatsiya yoki muqobil yechim taklif etilmagan. Bu esa fuqarolarning vaqti, mablag‘i va rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qo‘mita mahalliy aviareyslar tashuvchining aybi bilan kechikkanda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanishi hamda iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi holatlarini ochiq manbalar asosida o‘rganmoqda.
Yuqoridagilarga ko‘ra, aviakompaniyalardan raqamli platformalaridagi axborotlarni to‘liq taqdim etish va qonunchilikka muvofiqlashtirishlari so‘ralmoqda. Fuqarolar esa ushbu sohadagi o‘z taklif va e’tirozlari yuzasidan Raqobat qo‘mitasiga murojaat etishlari mumkin.
Nigora Rahmonova, O‘zA