BMT Konvensiyasi bolalarning şaxsiy, huquqiy himoyasini belgilaydi
Bolalarga ğamxörlik körsatiş, ularning huquq va manfaatlarini himoya qiliş har bir xalqning, har bir davlatning eng asosiy vazifasidir. Zero, bolalar millatlarning kelajagi, ertangi kuni, eng katta umidi va işonçi sanaladi. Şu bois ham butun dunyoda bolalarni himoya qilişga, asrab-avaylaşga, ularning manfaatlarini taʼminlaşga jiddiy eʼtibor bilan qaraladi.
Bu borada Birlaşgan Millatlar Taşkilotining Boş Assambleyasi tomonidan 1989-yil 20-noyabr kuni “Bola huquqlari töğrisida”gi Konvensiya qabul qilingan va 1990-yil 2-sentabrda xalqaro miqyosda kuçga kirgan. Şuningdek, uşbu sana Butunjahon bolalar kuni sifatida nişonlanib kelinadi.
Bola huquqlari töğrisidagi Konvensiya bolalarning şaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy himoyasini belgilaydi. Hujjatda 18 yoşga tölmagan har bir inson, agar bolalarga nisbatan qöllaniladigan qonun böyiça u ertaroq baloğatga yetmagan bölsa, hali bola hisoblanişi belgilangan.
Bola huquqlari töğrisidagi Konvensiyaning 4 ta asosiy tamoyili mavjud bölib, ular kamsitmaslik, bolaning eng ustun manfaatlarini taʼminlaş, yaşaş, omon qoliş va rivojlaniş huquqi hamda bolaning fikrini hurmat qiliş tamoyillaridir. Jumladan, birgina bolaning eng ustun manfaatlarini taʼminlaş deganda davlat organlari, sudlar va muassasalar bolalarga taalluqli har qanday qaror qabul qilişda birinçi navbatda bolaning manfaatini öylaşi şartligi nazarda tutilgan.
Taʼkidlaş lozimki, iştirokçi-davlatlar uşbu Konvensiyada eʼtirof etilgan huquqlarni amalga oşiriş uçun barça zarur qonuniy, maʼmuriy va boşqa çoralarni köradi. Özbekiston ham Bola huquqlari töğrisidagi Konvensiyani qabul qilgan va undan kelib çiqadigan vazifa va masʼuliyatni öz zimmasiga olgan.
Milliy qonunçiligimizda bola huquq va manfaatlari himoyasiga eng ustuvor masala sifatida eʼtibor qaratilgan. Xususan, Özbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining alohida bobi oila, bolalar va yoşlarga bağişlangan bölib, davlat bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlaşni öz zimmasiga olgan. Şuningdek, «Bola huquqlarining kafolatlari töğrisida»gi qonun bilan bolaning barça huquqlari mustahkamlangan, manfaatlari himoyasi belgilangan.
Mamlakatimizda bolalarga nisbatan tazyiq va zöravonliklarning oldini oliş borasida ham keng kölamli çora-tadbirlar amalga oşirib kelinmoqda. 2024-yil noyabr oyida qabul qilingan «Bolalarni zöravonlikning barça şakllaridan himoya qiliş töğrisida»gi qonun bilan bolalarga nisbatan har qanday zöravonlikka qarşi qatʼiy çoralar belgilangan.
Bundan taşqari, Özbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari böyiça vakili — Bolalar Ombudsmani instituti faoliyati yölga qöyilgan bölib, mazkur institut bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilişga ustuvor ahamiyat qaratib keladi.
Bir söz bilan aytganda, bolalar himoyasi butun dunyoda, şu jumladan yurtimizda ham eng ustuvor örindagi masala hisoblanadi. Farzandlarimizning xavf-xatarsiz, himoyalangan, qulay şaroitda ulğayişi, zamonaviy taʼlim-tarbiya olişi uçun barça imkoniyatlarni yaratişga alohida eʼtibor qaratib kelinayotgani eʼtiborga molikdir.
Muhtarama Komilova, ÖzA