Arzimas janjal sabab uzilayotgan riştalar va katta hayot ostonasidagi masʼuliyat
Maşina haydaş uçun guvohnoma olişga uzoq muddat öqiymiz. Öylab qolasan, bir umrlik yöl bölgan oilaviy hayotga esa köpinça heç qanday tayyorgarliksiz kirib boramiz.
Yillar davomida bir kunlik töyning taraddudi köriladi. Ertasi kuni boşlanadigan turmuşning «yöl qoidalari» haqida esa oçiq gaplaşilmaydi.
Yoşlarning oilaga ruhiy tayyorligi, rözğorni asrab qoluvçi körinmas ustunlar va bugungi ajrimlar ortidagi asl ildizlar xususida pedagogika fanlari doktori, professor Lobar Karaxanova bilan suhbatlaşdik.
— Bugun yoşlarning oila qurişga tayyorligini köpinça yoşning yetgani, diplomi borligi yoki töy xarajatlari yiğilgani bilan ölçaymiz. Şu holatga nisbatan fikringiz qanday?
— Ön sakkiz-yigirma yoşli yigit-qizlardan «Oila qurişga tayyormisiz?» deb sörasangiz, köpçiligi «avval öqişimni tugatay», «uy-joy qilay» yoki «ota-onam aytsa tayyorman» deb javob beradi. Ammo «Oilada kelişmovçilik çiqsa, qanday yöl tutasiz?» degan savolga aniq javob topadiganlar juda kam. Şu holatning öziyoq asosiy muammoni oçib beradi. Yoşlar oilani köproq taşqi şaroitga boğlaydi. Uy, mablağ va töy bilan tasavvur qiladi. Uning içki, ruhiy yuki esa soyada qolib ketadi.
Aslida oilaga tayyorlikning birinçi belgisi şaxsiy-psixologik yetuklik, yaʼni «men»dan «biz»ga öta olişdir. Inson öz his-tuyğularini jilovlay olişi, jahl ustida qaror çiqarmasligi, tanqidni xotirjam qabul qilib, murosa topa bilişi kerak. Yoşi yigirma beşda böla turib ham har bir masalada ota-onasining oğziga qarab qolgan yigit yoki qiz ruhan oilaga tayyor emas. Turmuş qurgan inson endi dam oliş kunini qayerda ötkazişdan tortib, pulni nimaga sarflaş va qaysi işni tanlaşgaça faqat özini emas, turmuş örtoği va kelajakdagi farzandlarini öylay boşlaydi. Bunga şay bölmagan yoş oilada özini erkinligidan ayrilganday his qiladi.
Yana bir muhim mezon real qaraş va muloqot madaniyatidir. Oilani vaqtinçalik tajriba emas, bir umrlik masʼuliyat deb anglagan yoş «menga nima berişadi?» deb emas, «men bu oilaga nima bera olaman?» degan savol bilan yaşaydi. U ijtimoiy tarmoqlar yoki seriallardagi «ideal» oila obrazlariga aldanmaydi. Amaliyotda köp köramiz. Aksariyat ajrimlar ulkan fojiadan emas, oddiygina gaplaşa olmaslikdan, turmuş örtoğini eşitmaslik, fikrini haqoratsiz ayta olmaslik va ikki oila bilan muvozanatli munosabat qura bilmaslikdan boşlanadi.
Moddiy tayyorlikni ham köpinça notöğri tuşunamiz. U dabdabali töy qiliş imkoniyati emas, aksinça, töy uçun olingan qarzlar yoş oilaning ilk yillarini oğirlaştirib, nizolarga turtki bermoqda. Haqiqiy iqtisodiy-maişiy tayyorlik kasb-hunarga ega böliş, barqaror daromadga intiliş, rözğor byudjetini tejab-tergab yuritiş va uy yumuşlarini eplay olişdir. Bu talab faqat yigitga yoki faqat qizga emas, ikkisiga ham birdek tegişli. Şuningdek, yoşlar Oila kodeksidagi huquq va majburiyatlarini, reproduktiv salomatlik asoslarini bilişi, eng muhimi, farzand tarbiyasiga maʼnan va amalan tayyor bölişi şart.
Xalqimiz «Töy — bir kunlik, turmuş — bir umrlik» deb bejiz aytmagan. Oilaga tayyorlaş töydan bir oy oldin emas, bolalikdan boşlanadi. Öz xonasini yiğiştirgan, kiçik bölsa-da mustaqil qaror qabul qilgan, xatosini tan olişga va ukalariga ğamxörlik qilişga örgangan bola ertaga rözğor yukini kötara oladi.
— Mustahkam oilalarning siri nimada? Kundalik hayotda oilani asrab qoladigan eng muhim odat va ustunlar qaysilar?
— Men oilani boğga öxşataman. Boğni bir marta ekib, unutib qöysangiz, qurib qoladi. Uni har kuni suğoriş, begona ötlardan tozalaş, sovuqdan asraş kerak. Oila ham şunday. Mehr, şirin söz va eʼtibor töxtab qolsa, eng kuçli tuyğu ham vaqt ötişi bilan sönib boradi.
Mustahkam oilalarda bir neçta muhim odat közga taşlanadi. Avvalo, er-xotinning farzand tarbiyasi, kelajak rejalari va ota-onalarga munosabat borasidagi qaraşlari bir-biriga yaqin böladi. Ular köngildagi gapni yiğib yurmasdan, vaqtida va xotirjam gaplaşadi, rözğor byudjetini birgalikda rejalaştiradi. Çunki pul masalasidagi yaşirinlik işonçni tez yemiradi. Katta avlodning oqilona maslahati yoş oila uçun katta tayanç, biroq maslahat bilan aralaşuv örtasidagi çegarani biliş muhim. Er-xotinning içki munosabatlariga ortiqça aralaşuv köpinça foyda emas, ziyon keltiradi.
Yana ikkita oddiy köringan, lekin hal qiluvçi omil bor. Keçira biliş va birgalikda ötkazilgan jonli vaqt. Bir tom ostida yaşayotgan ikki inson örtasida noörin söz yoki xafagarçilik bölmasligi mumkin emas. Mustahkam oilalar xato qilmaydiganlar emas, balki arazni kun botgunça köngilda saqlamasdan, bir-birini keçira oladigan oilalardir. Bugun köp xonadonlarda er-xotin bir uyda ötirib ham har biri öz telefoni va taşvişi bilan band. Holbuki, bir dasturxon atrofida kun qanday ötganini söraş, bayramlarni birga nişonlaş, haftada bir bor birga sayrga çiqiş kabi odatlar oila riştalarini har kuni yangilab turadi.
Bularning barçasi özaro hurmat, işonç va masʼuliyatga tayanadi. Bittasi darz ketsa, butun bino qiyşayadi. Hurmat balandparvoz sözlarda emas, oddiy harakatlarda körinadi. Farzandlar yoki qarindoşlar oldida turmuş örtoğini kamsitmaslik, fikrini söraş, qilgan mehnatiga rahmat aytiş, uning ota-onasini qadrlaş. Işonç esa nazorat va telefon titkilaş bilan emas, oçiqlik, halollik va sözda sobitlik bilan mustahkamlanadi. Bir marta singan işonçni tiklaş nihoyatda qiyin. Masʼuliyatni ham «erkak pul topadi, ayol uyga qaraydi» degan tor qolipga solib bölmaydi. Farzand tarbiyasi, keksa ota-onalar holidan xabar oliş, turmuş örtoğining soğliği va kayfiyatiga eʼtibor ikki tomonning umumiy vazifasidir. Masʼuliyatli inson qiyinçilik paytida «ketib qolaman» demaydi, «birga yeçamiz» deydi.
Eng muhimi, ota-ona örtasidagi ana şu munosabat bola uçun eng kuçli tarbiya maktabidir. Farzand oilaviy hayot qanday bölişini kitobdan emas, öz uyida körib örganadi. «Quş uyasida körganini qiladi» degan maqol aynan şu haqda.
— Sönggi yillarda yoş oilalarning aynan turmuşning dastlabki bir-uç yilida buzilib ketişi köp kuzatilmoqda. Bunga nimalar sabab bölyapti va bugungi jamiyatda ajrimlarga munosabat qanday özgardi?
— Bir haqiqatni aniq aytiş kerak. Oila bir kunda buzilmaydi. Ariza yozilgunga qadar oylab, baʼzan yillab aytilmagan gaplar, javobsiz qolgan savollar va tan olinmagan xatolar töplanib boradi.
Yoş oilalarning tez darz ketişiga bir neçta omil ustma-ust tuşmoqda. Yigit-qiz bir-birini tuzuk tanimay şoşilinç turmuş quradi. Hayot esa ularning xayolidagidek çiqmaydi va ilk jiddiy kelişmovçilikdayoq «bir-birimizga töğri kelmas ekanmiz» degan xulosaga kelişadi. Bunga iqtisodiy-maişiy bosim qöşiladi. Barqaror işning yöqligi, alohida uy-joy muammosi, töy qarzlari, mehnat migratsiyasi tufayli er-xotinning uzoq vaqt ayri yaşaşi oilaviy riştalarni zaiflaştiradi. Oila içida kattalarning ortiqça aralaşuvi, kelin va qaynona örtasidagi ziddiyatlar, muammoni muloqot bilan emas, janjal bilan hal qiliş odati ham vaziyatni oğirlaştiradi.
Bugun bu safga raqamli muhit taʼsiri ham qöşildi. Ijtimoiy tarmoqlarda soatlab ötiriş er-xotinning bir-biriga eʼtiborini susaytirmoqda. Boşqalarning ekrandagi bezatilgan hayotini öz turmuşi bilan soliştiriş norozilikni, telefondagi yozişmalar raşk va işonçsizlikni kuçaytirmoqda. Onlayn qimor va stavkalarga beriliş esa köplab oilalar byudjetini izdan çiqarib, rözğorni barbod qilmoqda.
Jamiyat ongidagi özgarişga kelsak, ilgari ajrim qattiq qoralangan bölsa, bugun unga munosabat ança yumşagan. Ayollarning iqtisodiy mustaqilligi va huquqiy savodxonligi oşgan. Buni bir yoqlama salbiy baholab bölmaydi. Masalan, oilaviy zöravonlik qurboni bölgan ayol uçun ajrim köpinça özini va farzandini himoya qilişning yagona qonuniy yölidir. Demak, barça ajrimni bir qolipda baholaş notöğri. Bizni çinakamiga taşvişlantirişi kerak bölgan holat aslida saqlab qoliş mumkin bölgan oilalarning yengil-yelpi, «aççiq ustida» buzilib ketişidir.
Ajrimdan eng oğir zarbani esa bolalar oladi. Kattalar ajraşadi, ammo bola ota-onasidan ajraşmaydi. U ikkisini ham birdek yaxşi köradi. «Kim haq?» degan tortişuv örtasida qolgan farzand özini aybdor his qiladi. Odamlarga işonçi sönadi, ulğaygaç esa özi ham oila qurişdan çöçiy boşlaydi. Şuning uçun ajrim muqarrar bölgan taqdirda ham ota-onalar bola oldidagi masʼuliyatni unutmasligi, uning köz öngida bir-birini kamsitmasligi juda muhim.
— Oilalarni sud ostonasigaça olib bormaslik uçun nimalarni özgartiriş zarur?
— Eng avvalo, oilaviy hayotga tayyorlaşni taʼlim bosqiçidayoq jonlantiriş kerak. Maktab va oliy öquv yurtlaridagi oila psixologiyasi hamda oilaviy hayot etikasi maşğulotlarini quruq maʼruzadan çiqarib, hayotiy vaziyatlar va amaliy treninglar asosida olib boriş lozim.
Nikoh oldidan ötkaziladigan tayyorlov maşğulotlari ham rasmiyatçilik uçun emas, real foyda uçun işlaşi zarur. Ularga malakali psixolog va pedagoglarni jalb etib, yoşlarga muloqot qiliş, nizoni bosiqlik bilan yeçiş va rözğor byudjetini rejalaştiriş könikmalarini amalda örgatiş katta samara beradi.
Mahallalardagi oilaviy maslahat va mediatsiya xizmatlari ham yuzaki yaraştiriş bilan emas, muammoning asl ildizini aniqlaş bilan şuğullanişi kerak. Albatta, gap zöravonlik bor xonadonni majburan saqlab qoliş haqida emas, balki tuşunmovçilik yoki tajribasizlik sabab jar yoqasiga kelib qolgan, yaraşiş imkoniyati mavjud oilalarga professional yordam körsatiş haqida ketmoqda.
Şu bilan birga, maʼnaviy tarbiya iqtisodiy tayanç bilan uyğun bölişi şart. Yoş oilalar uçun bandlik va uy-joy imkoniyatlarini kengaytiriş, dabdabali töy va isrofgarçilikka nisbatan jamiyatda soğlom munosabatni şakllantiriş muhim. Ajrim sabablarini hududlar kesimida çuqur örganib, profilaktika işlarini umumiy qolipda emas, aynan joylardagi real manzaraga tayanib yölga qöyiş zarur. Eʼtiborlisi, bugun bu sanab ötilgan jihatlarga davlat tomonidan böladigan eʼtibor ortgan.
Bir umrlik yöl sanalgan muqaddas oilaga bir kunlik töy taraddudi bilan emas, bir-birini eşitiş, vaqtida gaplaşiş va «men»dan «biz»ga ötiş könikmasi bilan qadam qöyilgandagina aytilmagan gaplar yiğilib sud zaligaça yetib bormaydi.
ÖzA muxbiri Hamroz Bayonov suhbatlaşdi.