An’ana va innovatsiya uyg‘unligi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi Pedagogik mahorat markazida «Gibrid ta’lim modellari: global tendensiyalar va milliy amaliyot» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Rossiya, Filippin, Ozarbayjon, Eron va boshqa davlatlardan ta’lim sohasi vakillari, olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda mutaxassislar ishtirok etishdi.
Konferensiyada zamonaviy ta’lim modellarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, milliy ta’lim amaliyotiga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, pedagoglarning kasbiy va raqamli kompetensiyalarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Anjumanda Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti rektori Nafisa Abdullayeva, Sirdaryo viloyati pedagogik mahorat markazi direktori, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Gulasal Berdaliyeva, Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti professori, pedagogika fanlari doktori Ozod Abdug‘aniyev, Guliston shahridagi Ideal Study maktabining akademik direktori Javohir Musurmonov, shuningdek, mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari vakillari qatnashishdi.
Plenar sessiyada ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarning individual ehtiyojlarini hisobga olish, oila va maktab hamkorligini mustahkamlash, inklyuziv ta’lim muhitini rivojlantirish hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-32219]
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti professori Ozod Abdug‘aniyev oila va maktab hamkorligi asosida o‘quvchilarda o‘zaro hurmat va hamjihatlikni shakllantirish, shaxsga yo‘naltirilgan yondashuvning ahamiyati haqida ma’ruza qildi.
A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti vakillari Sergey Nikanorov va Rimma Murashova rus tilini o‘rganishda til o‘yinlaridan foydalanish, shuningdek, pedagogik topshiriqlarni tayyorlashda sun’iy intellekt imkoniyatlarini qo‘llash masalalari borasida so‘z yuritishdi.
Filippin Respublikasi vakili, markaz direktorining xalqaro maslahatchisi Shela Girlie Borromeo sun’iy intellekt yordamida turli ehtiyojlarga ega o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari haqida ma’ruza qildi. Ozarbayjon Davlat pedagogika universitetining Quba filiali professori Nubar Bayramova esa raqamlashuv davrida kelajak o‘qituvchisi egallashi zarur bo‘lgan kompetensiyalar xususida fikr bildirdi.
Konferensiya doirasida ilmiy-amaliy muhokamalar to‘rtta sho‘bada davom etdi. Ularda innovatsion pedagogika va zamonaviy o‘qitish metodlari, shaxsga yo‘naltirilgan va inklyuziv ta’lim, maktabgacha hamda umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish va boshqarishning zamonaviy yondashuvlari, shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli vositalarning ta’lim jarayonidagi imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar gibrid ta’lim sharoitida pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini ta’minlash, xalqaro baholash dasturlari natijalaridan samarali foydalanish, o‘quvchilarning ijodiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, raqamli platformalarni dars jarayoniga tatbiq etish kabi yo‘nalishlardagi ilmiy izlanishlari va amaliy tajribalarini taqdim etdilar.
Jumladan, Google Classroom platformasidan foydalanish, fizika va astronomiya darslarida raqamli dasturlarni qo‘llash, xorijiy tillarni o‘rganishda sun’iy intellektning didaktik imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Sirdaryo viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori Gulasal Berdaliyeva konferensiyaning ahamiyati haqida to‘xtalib, zamonaviy ta’limni rivojlantirishda xalqaro hamkorlik va tajriba almashish muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
— Bugun ta’lim tizimi oldida turgan muhim vazifalardan biri — global tendensiyalarni chuqur o‘rganish va ularni milliy ta’lim muhiti hamda ehtiyojlariga moslashtirishdir. Gibrid ta’lim modellari pedagoglar va o‘quvchilar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Biroq bu jarayonda texnologiyaning o‘zi emas, balki uning ta’lim sifati, o‘quvchilarning bilim olishi va pedagoglarning kasbiy rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
— Xalqaro konferensiyamiz mahalliy va xorijiy mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, ilg‘or g‘oyalarni muhokama qilish va ularni amaliyotga tatbiq etishning samarali yo‘llarini belgilash uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi. Bunday uchrashuvlar pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi, — dedi markaz direktori.
Anjumanning yakuniy sessiyasida ma’ruzalar va taqdim etilgan ilmiy ishlanmalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, takliflar muhokama qilindi. Tadbir dasturiga muvofiq, faol ishtirokchilarni taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ta’lim sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasida tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA