34 yillik kuzatuv: sportning qarilikdagi ta’siri isbotlandi
O‘smirlik chog‘i yugurish kabi aerobika mashqida yaxshi natija ko‘rsatgan insonlar uchun ulg‘ayganda depressiya rivojlanishi xavfi 15 foiz kam bo‘lishi aniqlandi. Avstraliyalik olimlar 7-15 yoshdagi bolalarni 30 yildan ortiq kuzatib, jismoniy tayyorgarlik bilan keyingi hayotdagi ruhiy salomatlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi.
Tadqiqot 1985-yil jismoniy sinovdan o‘tgan 1000 ga yaqin avstraliyalik ma’lumotiga asoslangan. Ishtirokchilarning yurak-qon tomir va nafas olish tizimi tayyorgarligi 1,6 kilometrga yugurish natijasi orqali baholangan. Mushak kuchi joyidan uzunlikka sakrash, ayrim ishtirokchilarda velosiped haydash va qo‘l kuchini sinash orqali o‘lchangan. Keyin ular 36-49 yoshga yetganda depressiya holati maxsus tashhis suhbati orqali aniqlangan. Tadqiqot natijasida aynan kardio respirator tayyorgarlik – ya’ni yugurish kabi nafas va yurak urishini tezlashtiradigan faoliyatga moslashgan jismoniy holat keyinchalik depressiya xavfi bilan o‘ta barqaror bog‘liqlikni ko‘rsatgan.
Qizig‘i, bu bog‘liqlik ayollarda erkaklarga qaraganda kuchliroq kuzatilgan. Mushak kuchi bo‘yicha natija ancha zaif bo‘lib, statistika jihatidan ishonchli darajaga yetmagan. Olimlar jismoniy tayyorgarlik yetarli emasligi ulg‘ayganda bilinadi, degan xulosani bermayapti: depressiyaga juda ko‘p turli omillar ta’sir qiladi. Tadqiqot natijasi bolalik va o‘smirlikdagi jismoniy tayyorgarlik inson salomatligidan tashqari uzoq muddatli ruhiy holati bilan ham bog‘liqligini ko‘rsatmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA