AQŞ Yaqin Şarqdagi fuqarolarini ogohlikka çaqirdi
Qöşma Ştatlar Yamandagi xusiy isyonçilarining Saudiya Arabistoniga hujumi kuçaygani hamda Tehronning mintaqadagi AQŞ majmualariga zarba berişga urinişi ortidan öz fuqarolarini yuqori darajada ehtiyotkorlikka çaqirdi.
Ar-Riyoddagi AQŞ elçixonasi bayonotiga köra, Eron Bahrayn va Kuvaytdagi Amerika inşootlariga, xusiylarning esa Saudiya infratuzilmasi va fuqarolik aeroportlariga uyuştirgan hujumi qurbonlar hamda transport qatnovida jiddiy uzilişga olib kelgan. Şu bois, elçixona mintaqada mojaro tezda avj olişi ehtimolidan ogohlantirib, amerikaliklarni reyslar bekor qilinişi va havo hududi yopilişiga tayyor turişga undadi. Sayohatçilarga havo qatnovi örniga oçiq qolayotgan quruqlikdagi çegara ötiş manzillari, xususan Qirol Fahd köprigi hamda Ar-Riyod, Jidda va Dahron atrofidagi yöllar orqali şaxsiy transport, poyezd yoki avtobusdan foydalaniş, şuningdek Bahrayn, Iordaniya, Ömon, Qatar va BAAdagi işlab turgan xalqaro aeroportlardan parvoz holatini bevosita örganiş tavsiya etilmoqda.
Avvalroq xusiylarning Ar-Riyoddagi moliya markazi minorasiga dron hujumi oqibatida 11 kişi jarohatlangan, Saudiya boşçiligidagi koalitsiya bunga qatʼiy javob qaytarişini bildirgan edi. Eslatib ötamiz, 2014-yil xusiylar Sanoni egallaşi bilan boşlangan, 2015-yil Saudiya koalitsiyasi aralaşuvi bilan yana kuçaygan Yaman inqirozi 2022-yilgi sulhdan söng biroz yumşagan bölsa-da, iyul oyidan beri jang qayta avj olişi ortidan isyonçilar Saudiyaga ballistik raketa va dron uçirişni yana köpaytirdi.
F.Yaxşiboyeva, ÖzA