20-avgust — Tadbirkorlar kuni (+video)
Tadbirkorlar — yurt taraqqiyoti, iqtisodiy farovonlik va yangi ish o‘rinlarining asosiy tayanchidir. Ular yangi g‘oyalarni amalga oshirib, davlat rivojiga hissa qo‘shadi va aholi turmush darajasini oshiradi.
Prezidentning 2021-yil 24-avgustdagi tegishli farmoyishiga asosan O‘zbekistonda 20-avgust — Tadbirkorlar kuni sifatida qabul qilingandi.
Joriy yilning 18-avgust kuni Xiva shahridagi “Kongress-xoll” majmuasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti o‘tkazildi. Anjumanda mamlakatimizning barcha hududlaridan, shu jumladan, tuman studiyalaridan 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan 1 million 200 minglik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.
Besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish an’anasi yo‘lga qo‘yilganidan buyon biznes rivojiga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim topildi. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.
O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyasi ham 3 karra ko‘paydi.
Sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga, xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mdan oshgan tumanlar 41 tadan 152 taga ko‘paydi. Milliy brendini yaratgan, mamlakat bo‘ylab filiallar ochgan tadbirkorlar safi kengaydi.
Jahondagi murakkab vaziyatga qaramay, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. Xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren kredit reytingini yaxshiladi.
Muhayyo Turdaliyeva, Doniyor Yakubov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA