Ishonchni mustahkamlagan muloqot
Tadbirkor uchun davlat rahbari bilan ochiq muloqot oddiy yig‘ilish emas. Bu - biz har kuni duch keladigan muammolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytish, ularga munosabat bildirilishini eshitish va, eng muhimi, ertangi ish faoliyatimiz uchun qanday muhit yaratilayotganini anglash imkoniyatidir.
18-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan oltinchi ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda qariyb 500 nafar tadbirkor bevosita, yana 25 mingga yaqin biznes vakili hududlardagi studiyalar orqali ishtirok etdi. Bu raqamlarning o‘ziyoq tadbirkorlik masalasi endi tor doiradagi iqtisodiy mavzu emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga daxldor masalaga aylanganini ko‘rsatadi.

Tadbirkor sifatida bu yilgi muloqotning eng muhim jihatini bitta tushuncha bilan ifodalagan bo‘lardim: ishonchni yanada mustahkamlash.
Chunki so‘nggi yillarda tadbirkorlik muhitida sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Ilk ochiq muloqot 2021-yilda o‘tkazilganida davlat va biznes o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotning o‘zi katta yangilik edi. Bugun esa bu muloqot an’anaga aylanib, tadbirkorlarning takliflari qonunchilik va amaliy qarorlarga aylanib bormoqda. Ilk muloqotdan buyon mingga yaqin tadbirkorlik tashabbusi qonunchilikka kiritilgani shundan dalolat beradi.
Bu muhim natija. Ammo tadbirkor uchun har qanday islohotning haqiqiy bahosi bitta savol bilan o‘lchanadi: u mening daromadimni qanchalik ko‘paytiradi, ishlashimni qanchalik yengillashtiradi?
2026-yilgi muloqotda aynan shu savolga javob beradigan bir qator tashabbuslar ilgari surildi.
Avvalo, nazorat va tekshiruvlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratilgani quvonarli. Kichik biznesda inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy e’lon qilinishi tadbirkorlik muhiti uchun muhim qadam. Chunki biznesni rivojlantirish uchun mablag‘ va bozor bilan bir qatorda barqarorlik ham kerak. Tadbirkor ertaga qaysi tekshiruv, qaysi talab yoki qaysi ma’muriy to‘siqqa duch kelishini bilmasa, uzoq muddatli reja tuzishi qiyin.
Ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar uchun elektr va gaz masalasi esa juda amaliy ahamiyatga ega. To‘lov intizomini buzmagan, tegishli hisobga olish tizimlariga ulangan korxonalar uchun oldindan to‘lovni 100 foizdan 15 foizga tushirish aylanma mablag‘larning “muzlab qolishi”ni kamaytirishi mumkin. Bu qog‘ozdagi imtiyoz emas, korxonaning har kungi moliyaviy aylanmasiga bevosita ta’sir qiladigan qaror.
Umuman, joriy yilgi muloqotning o‘ziga xos jihati tadbirkorlikning yangi bosqichi haqida gap ketganida bo‘ldi, deyish mumkin. Ya’ni biz endi “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni ko‘paytirish” bosqichiga o‘tyapmiz. Chunki ilgari faqat tirikchilik yoki kun ko‘rish uchun kichik do‘kon yoki sex ochish haqida o‘ylagan bo‘lsak, bugungi kunga kelib katta investitsiyalar kiritish, ishlab chiqarishni kengaytirish va tashqi bozorda munosib o‘rin egallash haqida o‘ylayapmiz.
Shu ma’noda Xorazmdagi uchrashuvda shaxsan meni juda quvontirgan yana bir jihat zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt masalasi bo‘ldi. Har bir soha jadal rivojlanib borayotgan bir davrda biz ham zamondan orqada qolmasligimiz kerak. Davlatimiz rahbari “10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor” deb nomlangan yangi dastur boshlanishini e’lon qildi. Unga ko‘ra, sun’iy intellekt joriy qilish xarajatining 50 foizi kompensatsiya tarzida to‘lab beriladi. Yangi mahsulot uchun model yaratishda superkompyuterdan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bu o‘z korxonasini modernizatsiya qilmoqchi bo‘lgan, lekin mablag‘ yoki tajriba jihatidan ikkilanib turgan tadbirkorlar uchun juda katta turtki bo‘ldi.
Eksportchilar uchun “Eksport navigator” tizimi, xorijiy brend mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining bir qismini qoplash, marketpleyslar va xalqaro tenderlarda ishtirok etishni qo‘llab-quvvatlash kabi choralar ham e’tiborga loyiq. Chunki bugungi tadbirkor uchun ichki bozorning o‘zi yetarli emas. Biz nafaqat mahsulot ishlab chiqarishni, balki uni dunyo bozorida sotishni ham o‘rganishimiz kerak.
Shuningdek, tadbirkorlarning faoliyatiga xalaqit berayotgan yana bir og‘riqli nuqtaga barham berilayotgani barchamizni quvontirdi. Menimcha, 2026-yilgi muloqotning eng katta ahamiyati ham shunda. Davlat tadbirkorga “senga imkoniyat yarataman” demoqda. Endi tadbirkorning vazifasi — bu imkoniyatdan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish, sifatli mahsulot ishlab chiqarish, eksportni oshirish va soliqlarni vijdonan to‘lash.
Bugun bizda ishonch bor. Endi bu ishonchni natijaga aylantirish davlat bilan bir qatorda tadbirkorlarning ham mas’uliyati. 2026-yilgi muloqotdan keyingi eng katta vazifa esa aniq: yaratilgan imkoniyatlarni real ishlab chiqarish, yangi bozorlar, yangi ish o‘rinlari va yangi qiymatga aylantirish. Shundagina “tadbirkorlikni yangi bosqichga olib chiqish” degan maqsad qog‘ozdagi shior emas, har bir oila va har bir hudud hayotida seziladigan iqtisodiy natijaga aylanadi.
Shavkat SHARIPOV,
Samarqand shahridagi “Sharq-sanoat” konserni ta’sischisi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.
O‘zA