O‘zbekistonda katta yoshli aholining atigi 4 foizi muddatli depozitga ega
Moliyaviy savodxonlik
O‘zbekistonda bank xizmatlaridan foydalanish darajasi yuqori bo‘lishiga qaramay, aholining jamg‘arma mahsulotlaridan foydalanish ko‘rsatkichi hanuz past. Markaziy bankning 2025-yil uchun moliyaviy qamrov indekslari bo‘yicha pilot hisobotiga ko‘ra, katta yoshli aholining 86 foizida bank hisobvarag‘i mavjud bo‘lsa, atigi 4 foizida jamg‘arma yoki muddatli depozit hisobvarag‘i bor. Bu raqamlar aholining bank tizimiga kirishi bilan moliyaviy jamg‘arish odati bir xil darajada shakllanmaganini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekistonda bank xizmatlaridan foydalanish kengayib borayotgan bir paytda aholining jamg‘arma mahsulotlariga qiziqishi hali yetarli darajada emas. Markaziy bank ma’lumotlari bu borada jiddiy tafovut borligini ko‘rsatmoqda.
Bugun bank hisobvarag‘iga ega bo‘lish aholi uchun oddiy moliyaviy ehtiyojga aylanib bormoqda. Ammo hisobvaraq ochish bilan mablag‘ jamg‘arish o‘rtasida katta farq bor. Markaziy bankning 2025-yil uchun moliyaviy qamrov indekslari bo‘yicha pilot hisoboti ham aynan shu holatni ko‘rsatadi: katta yoshli aholining 86 foizida bank hisobvarag‘i mavjud bo‘lgani holda, atigi 4 foizida jamg‘arma yoki muddatli depozit hisobvarag‘i bor. Bu raqam iqtisodiyot uchun muhim savolni o‘rtaga qo‘yadi: aholi bank tizimiga faol kirib kelayotgan bo‘lsa, nega uzoq muddatli jamg‘arish vositalaridan foydalanish darajasi past?
Markaziy bank hisobotida jamg‘arma mahsulotlaridan foydalanish imkoniyati indeksi 56 ball bilan baholangan. Bu to‘lov xizmatlari bo‘yicha 69 ballik va kredit mahsulotlari bo‘yicha 64 ballik ko‘rsatkichdan past.
Ya’ni aholi uchun bank kartalari, hisobvaraqlar va to‘lov xizmatlaridan foydalanish imkoniyati ancha yuqori. Kredit mahsulotlari ham keng tarqalgan. Ammo mablag‘ni saqlash va ko‘paytirishga xizmat qiladigan depozit mahsulotlari bu jarayonda ortda qolmoqda.
Bu holatni faqat bank mahsulotlari yetarli emasligi bilan izohlash qiyin. Chunki depozit hisobvarag‘iga ega bo‘lganlar orasida faollik ancha yuqori: ularning 66 foizi hisobot davrida faol hisoblangan, ya’ni so‘nggi 12 oyda uchtadan ortiq operatsiya amalga oshirgan.
Demak, muammo faqat depozit hisobvarag‘ini ochishda emas, balki aholining bo‘sh mablag‘larini muntazam ravishda jamg‘arishga yo‘naltirishda ham.
Bu yerda bir nechta iqtisodiy omilni ko‘rish mumkin. Birinchidan, aholi daromadlarining ma’lum qismi kundalik iste’mol, kommunal to‘lovlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa majburiy xarajatlarga sarflanadi. Bunday sharoitda oila byudjetiga jamg‘arma uchun alohida mablag‘ ajratish qiyinlashadi.
Ikkinchidan, moliyaviy savodxonlik masalasi muhim. Depozitning faqat foiz stavkasi emas, balki uning muddati, kapitalizatsiyasi, mablag‘ni muddatidan oldin yechib olish shartlari va real daromadliligi kabi jihatlarini ham baholash zarur.
Uchinchidan, aholining bir qismi mablag‘ni bank depozitidan tashqari shakllarda saqlashni afzal ko‘rishi mumkin. Naqd pul, valyuta yoki boshqa aktivlarda jamg‘arish odati bank depozitlariga bo‘lgan talabni cheklar, ehtimol. Jamg‘arma mahsulotlaridan foydalanish imkoniyati past bo‘lsa-da, ulardan foydalanayotgan aholining faolligi nisbatan yuqori. Hisobotda jamg‘arma mahsulotlaridan foydalanish indeksi 68 ballni tashkil etgan. Bu foydalanish imkoniyati indeksidan 12 ball yuqori.
Shu bilan birga, jamg‘arma mahsulotlari sifati indeksi 53 ballga teng bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkichda jismoniy shaxslarning yangi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha vaznlangan foiz stavkalarining jozibadorligi hamda depozit xizmatlari bo‘yicha shikoyatlar darajasi kabi omillar hisobga olingan.
Bu yerda muhim nuqta bor: aholini depozitga jalb qilish uchun faqat yuqori foiz va’dasi yetarli emas. Mahsulotning qulayligi, shartlarning shaffofligi, mablag‘ni boshqarish imkoniyati va bankka bo‘lgan ishonch ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Aholining depozitlardagi mablag‘lari nafaqat shaxsiy moliyaviy xavfsizlik uchun, balki iqtisodiyot uchun ham muhim resurs hisoblanadi.
Banklarda jamg‘arma bazasining kengayishi kreditlash uchun barqaror resurs shakllanishiga yordam beradi. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlari va aholi uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishi mumkin.
Shu ma’noda aholining jamg‘arish darajasini oshirish — faqat banklarning vazifasi emas. Bu moliyaviy savodxonlikni oshirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, omonat mahsulotlarini soddalashtirish va bank tizimiga ishonchni mustahkamlash bilan bog‘liq kompleks masaladir.
Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy bank tadqiqoti O‘zbekistonda moliyaviy qamrovning muhim bir jihatini ochib bermoqda: bank xizmatlaridan foydalanish kengaygani bilan aholining jamg‘arish darajasi hali shu sur’atda o‘smagan.
86 foizlik bank hisobvarag‘i qamrovi moliyaviy infratuzilma aholi hayotiga chuqur kirib borayotganini ko‘rsatsa, 4 foizlik jamg‘arma depozitlari ulushi aholi mablag‘larini uzoq muddatli jamg‘arishga jalb qilish bo‘yicha hali katta imkoniyat borligini anglatadi.
Kelgusida banklar uchun asosiy vazifalardan biri faqat yangi mijoz jalb qilish emas, balki mavjud mijozlarda muntazam jamg‘arish odatini shakllantirish bo‘lishi mumkin. Aholi uchun esa depozitni oddiy pul saqlash vositasi emas, balki shaxsiy moliyaviy rejaning muhim qismi sifatida ko‘rish tobora dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA