Xitoylik sarmoyadorlar janubda suyultirilgan gaz ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida “O‘zbekiston (Surxondaryo) – Xitoy investitsiya forumi” yakunlangan bo‘lsa-da, xitoylik sarmoyadorlarning voha bilan tanishuvi va rasmiy uchrashuvlari davom etmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Xitoyning “United Energy Group” kompaniyasi delegatsiyasini qabul qilib, yana bir yirik loyihani amalga oshirish masalalarini muhokama etdi.
Uchrashuvda xorij kompaniyasining vohada suyultirilgan gaz ishlab chiqarish, mavjud uglevodorod resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etib, mazkur yo‘nalishda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar viloyatning neft-gaz salohiyatidan kelib chiqib, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini, loyihani amalga oshirish uchun zarur infratuzilmani shakllantirish, investitsiya hajmi va texnologik yechimlarni aniqlash, xomashyo ta’minoti hamda mahsulotni ichki va tashqi bozorlarga chiqarish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida loyihaning texnik-iqtisodiy parametrlarini chuqur o‘rganish, mavjud imkoniyatlarni baholash va hamkorlikning keyingi bosqichlarini belgilash bo‘yicha tegishli kelishuvga erishildi.
Mutaxassislarning fikricha, loyihaning amalga oshirilishi yer osti boyliklariga serob janubdagi vohaning neft-gaz tarmog‘ida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, investitsiyalarni jalb etib, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va hududning sanoat salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Joriy yilning 14-16-avgust kunlari “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida bo‘lib o‘tgan investitsiya forumida Xitoyning 120 dan ortiq kompaniyasidan 350 dan ziyod vakil ishtirok etib, qiymati 6 milliard 253,5 million dollarlik 63 ta investitsiya kelishuvi tuzgan edi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri
0