Ilm, texnologiya va tashabbus — sanoat taraqqiyotining muhim omili
Mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti, avvalo, ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirish, yangi korxonalar tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, mashinasozlik sanoatida mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar yaratish va malakali mutaxassislar tayyorlash bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Bu borada sanoat salohiyati yuqori bo‘lgan Navoiy viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, zamonaviy texnologiyalarni olib kirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va mahalliylashtirishga berilayotgan e’tibor o‘z samarasini bermoqda.
Buni Navoiy shahrida faoliyat olib borayotgan “Gidro stanko servis” MCHJ misolida ham ko‘rish mumkin. Korxona faoliyatini dastlab atigi besh nafar ishchi bilan boshlagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib jamoadagi xodimlar soni 800 nafardan oshgan. Bu, avvalo, tadbirkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ishlab chiqarishni ilm-fan bilan uyg‘unlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishning amaliy natijasidir.
– Korxonada ishlab chiqarish jarayonlarini yanada takomillashtirish maqsadida Germaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Tayvan va Yaponiyadan 50-100 ga yaqin zamonaviy texnika va texnologiyalar olib kelingan, – deydi MCHJ direktori Baxtiyor Hamroyev. – Yangi uskunalarning ishga tushirilishi mehnat unumdorligi va mahsulot sifatini oshirish bilan birga, ishlab chiqarish jarayonlarida inson omilini kamaytirish imkonini bermoqda. Bugungi kunda korxonamizda mashinasozlik yo‘nalishidagi yangi loyihalar ham izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, 17 ming kvadrat metr maydonda yangi ishlab chiqarish bo‘limi tashkil etilib, “Labo” avtomashinasi hamda yuk avtomobillari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu loyiha Xitoy bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonida Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalardan foydalanilmoqda. Ayni paytda to‘rtta robot ish jarayoniga jalb etilgani ish unumdorligi va mahsulot sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Korxonadagi yana bir muhim yo‘nalish — konstruktorlik ishlari. Bu yerda 1 tonnadan 50 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega kranlar, 100 kilogrammdan 40 tonnagacha bo‘lgan reduktorlar, vagon ag‘dargichlar, nasoslar va boshqa murakkab mexanizmlar loyihalanmoqda. O‘zbekistonda birinchi marta loyihalangan vagon ag‘dargich buyurtmachiga yetkazib berilgan va bugungi kunda amaliyotda samarali ishlamoqda. Ayni paytda “BelAZ” va ekskavatorlar uchun elektrodvigatellarni loyihalash ishlari ham olib borilmoqda.
Korxonada yoshlarning ta’lim olishi va kasbiy malakasini oshirishi uchun sharoit yaratilgan. Mutaxassislar bilan bir qatorda, yangi ish boshlagan yoshlarga tajribali ustozlar biriktirilib, ularning nazariy bilimi amaliyot bilan uyg‘unlashtirilmoqda. Har yili razryad imtihonlari o‘tkazilib, ishchilarning kasbiy mahorati baholanadi. Bu esa yoshlarning o‘z ustida ishlashi, sohani chuqur o‘rganishi va malakali mutaxassis bo‘lib yetishishiga zamin yaratmoqda.
Korxonada mahalliylashtirish jarayoni ham izchil davom etmoqda. Agar 2007-2017-yillarda 50 dan ortiq turdagi mahsulot mahalliylashtirilgan bo‘lsa, bugun ularning turi qariyb 400 taga yetgan. Hozirda talab va ehtiyojdan kelib chiqib, 2000 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Ayniqsa, ilgari chetdan import qilingan mahsulotlarni mahalliy konstruktorlar tomonidan qayta loyihalash va o‘zlashtirish valyuta mablag‘larini tejash, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ishlab chiqarishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilayotgani ham korxonaning innovatsion salohiyatini ko‘rsatadi. Zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanish mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, yangi turdagi buyurtmalarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarish jarayonlarini yanada takomillashtirish imkonini bermoqda.
Bugungi kunda davlat tomonidan tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ishlab chiqarishni kengaytirish uchun muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, valyuta konvertatsiyasi, imtiyozli kreditlar, soliq to‘lovlarida yaratilayotgan qulayliklar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot mexanizmi yangi loyihalarni amalga oshirishga keng yo‘l ochmoqda.
2026-yilning 13-avgust kuni Davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, korxona rahbari Baxtiyor Hamroyevning “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangani esa jamoaning ko‘p yillik mehnatiga berilgan yuksak bahodir. Bu e’tirof nafaqat rahbar, balki bir maqsad yo‘lida mehnat qilayotgan butun jamoa uchun katta rag‘batdir.
Mashinasozlik — katta bilim, tajriba va sabr talab qiladigan murakkab soha. Malakali tokar, frezerlovchi yoki muhandisni tayyorlash uchun yillar kerak bo‘ladi. Shu bois korxonada yoshlarni kasbga o‘rgatish, ularning qo‘lidan ushlab, zamonaviy stanoklar bilan ishlashga tayyorlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bunday yondashuv ishlab chiqarishning bugungi ehtiyojini qondirish bilan birga, sohaning ertangi kadrlar salohiyatini ham ta’minlaydi.
[gallery-30980]
Darhaqiqat, bugun Navoiy viloyatida sanoatni modernizatsiya qilish, mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Mashinasozlik sohasidagi bunday korxonalarda yangi texnologiyalarning joriy etilishi, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning o‘zlashtirilishi, yosh kadrlarning kasbiy salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarining yaratilishi mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari