15 yoshgacha bo‘lgan bolalar ishlashi mumkinmi?
Yozgi ta’til boshlanishi bilan ko‘plab o‘quvchilar vaqtini mazmunli o‘tkazish, yangi tajriba orttirish yoki shaxsiy ehtiyojlari uchun daromad topish istagida bo‘ladi.
Ayrim ota-onalar esa farzandini mehnatga o‘rgatishni tarbiyaning bir qismi deb hisoblaydi. Biroq har qanday ish bolalar uchun mumkinmi? Qonun bu masalaga qanday yondashadi?
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, amaldagi Mehnat kodeksi hamda “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, 15 yoshga to‘lmagan bolalarni doimiy yoki og‘ir mehnatga jalb etish qat’iy taqiqlanadi. Bu norma bolalarning sog‘lig‘i, xavfsizligi va ta’lim olish huquqini himoya qilishga qaratilgan.
Qonunga ko‘ra, mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilishning umumiy yoshi 16 yosh etib belgilangan.
Shu bilan birga, 15 yoshga to‘lmagan shaxslar ham ayrim hollarda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin. Buning uchun ota-ona yoki qonuniy vakilning roziligi bo‘lishi, bajariladigan ish bolaning sog‘lig‘iga va ta’lim jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi shart.
Bunday yengil ishlar qatoriga quyidagilar kiradi:
teatr, kino, konsert, moda namoyishlari va reklama loyihalari kabi sport, madaniyat va san’at sohasidagi faoliyatlar;
rasm chizish, dizayn, raqamli kontent tayyorlash, bolalar blogi yuritish, ijodiy tanlovlar va turli loyihalarda ishtirok etish.
Qonun bolalar mehnati uchun ish vaqtiga ham aniq cheklovlar belgilagan.
15–16 yoshdagilar haftasiga 24 soatdan ko‘p ishlamasligi lozim.
Agar bola umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘qiyotgan bo‘lsa, ish vaqti haftasiga 12 soatdan oshmasligi kerak.
Bundan tashqari, mehnat faoliyati faqat darsdan keyingi vaqtda yoki ta’til kunlarida amalga oshirilishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bolalarning mehnatga jalb etilishi ularning jismoniy va ruhiy rivojlanishiga, ta’lim jarayoniga hamda xavfsizligiga putur yetkazmasligi kerak. Shu bois qonun bolaning mehnat qilish huquqini emas, balki uning manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi.
Demak, bolalarning ishlashiga mutlaq taqiq yo‘q. Ammo bu jarayon faqat qonun talablari, xavfsizlik qoidalari va bolaning manfaatlari to‘liq ta’minlangan holdagina amalga oshirilishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA