Navoiyda bepul WiFi tarmogʻi ishga tushirildi
Navoiy shahrida viloyat hokimligi tashabbusi hamda “Sensorika” MCHJ tomonidan yagona markazlashgan bepul WiFi tarmogʻi ishga tushirildi.
Navoiy shahrida viloyat hokimligi tashabbusi hamda “Sensorika” MCHJ tomonidan yagona markazlashgan bepul WiFi tarmogʻi ishga tushirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi granti asosida joriy etilgan mazkur loyiha hozircha mamlakatimizda yagona hisoblanadi.
Shu munosabat bilan oʻtgan tadbirda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov shaharni WiFi tarmogʻi bilan taʼminlash uchun ramziy pult bilan start berdi. Shaharning 100 ga yaqin nuqtalarida ZOOM dasturi orqali markaziy boshqaruv maskaniga bogʻlangan yoshlar viloyat hokimi bilan onlayn muloqot qildi.
Dasturni moliyalashtirish ishlari Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, - deydi “Sensorika” MCHJ rahbari Norbek Arziyev. - Ayni paytgacha loyiha doirasida Latviyaning “Mikrotik” kompaniyasidan 218 million soʻmlik WiFi qurilmalari olib kelinib, 150 dan ortigʻi oʻrnatildi. Ushbu jarayon yil oxiriga qadar davom etadi. Navoiy shahrida 400 ta mana shunday moslamalar oʻrnatiladi hamda 6-10 kilometr radiusda butun shahar boʻylab WiFI tarmoqlari ishga tushiriladi.
Viloyatda, shuningdek, Zarafshon shahrida ham “CITY WIFI” MCHJ tomonidan “Aqlli shahar” loyihasi asosida dastlabki amaliy ishlar boshlangan boʻlib, joriy yilda ushbu hududni toʻliq WiFi bilan qamrab olish koʻzda tutilgan. Keyingi bosqichda bu yangilikni Uchquduq shahrida hamda barcha tuman markazlarida yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.