Ta’limga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar sifat bo‘yicha qanday natija beryapti?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida Davlat byudjetining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot qizg‘in muhokama qilindi. Fraksiya a’zolari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqib ijtimoiy soha, ta’lim, tibbiyot yo‘nalishlaridagi byudjet samaradorligiga e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanganidek, 2025-yilda Davlat byudjeti xarajatlarining 47 foizini ijtimoiy soha xarajatlari tashkil etgan. Jumladan, ta’lim xarajatlari yildan-yilga oshib bormoqda. 2025-yilda ushbu tizim xarajatlari 2024-yilga nisbatan 12,9 trillion so‘mga yoki 18,1 foizga oshib, 84,2 trillion so‘mga yetdi. Ta’lim xarajatlarining 64 foizi umumiy ta’limga, 20 foizi maktabgacha ta’limga va 16 foizi esa kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan.
O‘tgan yili maktablarni qurish, kapital va joriy ta’mirlash maqsadlariga 3 trillion 78 million so‘m ajratilgan. Bolalar bog‘chalarini ta’mirlashga esa 1 trillion 337 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Muhokamalarda deputatlar ta’lim tizimiga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar ta’lim sifati bo‘yicha qay darajada natija berayotgani, kadrlar malakasi oshirilayotgani qanday samara ko‘rsatayotganiga alohida urg‘u qaratdi.

Yig‘ilishda Hukumat tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Jumladan, hisobot davrida yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 662 nafar bolalar uy-joy bilan ta’minlangani, 674 mingga yaqin ehtiyojmand oilalarga 4 trillion so‘mdan ortiq nafaqa va moddiy yordamlar to‘lab berilgani qayd etildi.
Shuningdek, deputatlar narxlar barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida inflatsiya darajasi 7,3 foizga kamaygan bo‘lsada, nega 2025-yilda fuqarolarimizning kundalik iste’moli uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari inflatsiyasi ortganiga izoh so‘radi.
Bundan tashqari, avia hamda temir yo‘l chiptalaridagi imtiyozlar masalasiga ham to‘xtaldi. Qayd etilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati pensionerlari, nafaqaxo‘r va nogironligi bor fuqarolariga avia va temir yo‘l chiptalarini sotib olishda 50 foizlik imtiyoz berilgan edi. O‘tgan yilda ushbu maqsadlar uchun 53 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Endilikda boshqa olis hududlarga ham shunday imtiyozlar beriladimi, degan savol o‘rtaga tashlandi.

Bunga javoban mazkur imtiyoz Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmning ekologik vaziyatidan kelib chiqqan holda Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgani, keyinchalik boshqa hududlarga ham qo‘llash borasida Transport vazirligi bilan maslahatlashilishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, muhokamalarda ijtimoiy soha ob’ektlariga ajartilayotgan mablag‘lar samaradorligi masalasi ham ko‘tarildi. Ayrim hududlarda davlat byudjeti hisobidan shifoxona va poliklinikalar qurilgan, ammo hali ishga tushmagani, buning uchun shtatlar jadvali tasdiqlanmagani yoki boshqa omillar sabab bo‘layotgani tanqid qilindi.
Qizg‘in savol-javob va muhokamalardan so‘ng fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA