Sog‘liqni saqlash sohasiga 2024-yilga nisbatan 7,2 trln. so‘m ko‘p mablag‘ ajratilgan
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinib, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanmoqda.
2025-yilda sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan 43,3 trln. so‘m yoki 2024-yilga nisbatan 7,2 trln. so‘mga ko‘p mablag‘lar ajratilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ko‘rib chiqildi. Unda fraksiya a’zolari tibbiyot sohasiga ajratilgan mablag‘lar samaradorligiga alohida urg‘u qaratdi.

Muhokamalar davomida byudjetdan yetarlicha mablag‘lar ajratilishiga qaramay, ayrim vazirlik va idoralar tomonidan byudjetdan rivojlantirish dasturlariga ajratilgan mablag‘larni to‘liq o‘zlashtirilmagani tanqid qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qator takliflar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda davlat fuqarolik xizmatchisining xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun qo‘shimcha kafolatlarni belgilashga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasi bilan davlat xizmatchisi nufuzli xorijiy ta’lim muassasasiga magistratura yoki doktoranturaga o‘qish bo‘yicha grant yutganda, ish beruvchining yozma roziligi asosida uning ish o‘rni (lavozimi) saqlanishi taklif etilmoqda.
M.Komilova, O‘zA