Markaziy bank yangi tartibni joriy qildi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining tegishli qarori bilan “Markazlashgan kliring va markaziy kontragent faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mazkur hujjat mamlakatimiz moliya, valyuta va fond bozorlarida bitimlar xavfsizligini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadamlardan biridir.
Yangi nizom asosida markazlashgan kliring va markaziy kontragent faoliyatini yuritish, ushbu operatsiyalarni amalga oshiruvchi kliring tashkilotlari tomonidan tavakkalchiliklarni boshqarish hamda ichki nazorat tizimiga qo‘yiladigan minimal talablar belgilanmoqda. Shuningdek, bitimlar ijrosini ta’minlovchi zaxira va kafolat fondlarini shakllantirish kabi muhim tartiblar joriy etilmoqda. Bundan buyon kliring tashkilotlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlarni aniqlash, baholash va ularni minimallashtirish bo‘yicha qat’iy nazorat olib boriladi.
Ushbu tartiblarning hayotga tatbiq etilishi, o‘z navbatida, mamlakat moliya bozori infratuzilmasining yanada yaxshilanishiga, hisob-kitob va kliring jarayonlari samaradorligi oshishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, tizimga markaziy kontragent funksiyasining kiritilishi hisob-kitob va kontragent risklarining sezilarli darajada kamayishiga olib keladi. Zaxira va kafolat fondlari hamda marja talablariga asoslangan samarali risklarni boshqarish tizimining yaratilishi esa bozorda defolt, ya’ni majburiyatlarni bajara olmaslik holatlarining oldini olishga va tizimli xatarlarni cheklashga imkon beradi.
Qayd etish joizki, mazkur normativ-huquqiy hujjat rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi. Ushbu davr mobaynida bozor ishtirokchilari, jumladan, birjalar va kliring palatalari o‘z faoliyatlarini yangi talablarga muvofiqlashtirishlari lozim bo‘ladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA