2025-yilda aholi daromadlari 18,9 foizga oshgan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida Prezidentimizning 2026-yil 29-may kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi ishtiroki va nutqining ahamiyati xususida fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, logistika va transport sohalarida zamonaviy yechimlarni joriy etish, bojxona hamda elektron hujjat almashinuvini soddalashtirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, tashqi iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, fraksiya yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risida”gi hisoboti atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, jahondagi geosiyosiy ziddiyatlar va iqtisodiy noaniqliklarga qaramasdan, mamlakatimiz iqtisodiyotida yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qoldi. Xususan, 2025-yilda yalpi ichki mahsulot 7,7 foizga o‘sib, 1 849,7 trln. so‘mga yetdi. Bozor xizmatlari 14,7 foiz, qurilish 14,2 foiz, sanoat 6,8 foiz va qishloq xo‘jaligi 4,4 foizga o‘sgani iqtisodiyot tarmoqlaridagi barqaror rivojlanishni ko‘rsatadi.
Aholi daromadlari 18,9 foizga oshib, 1 134,3 trln. so‘mga yetgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 19,1 mlrd. dollargacha yoki 1,6 barobar oshgani ham iqtisodiy faollikning muhim ko‘rsatkichi sifatida qayd etildi.

Fraksiya a’zolari tomonidan iqtisodiyotning turli sohalarida erishilgan natijalar e’tirof etildi. Xususan, tashqi savdo aylanmasining 81,2 mlrd. dollarga, eksport hajmining 33,8 mlrd. dollarga yetgani, oltinsiz eksportning 21,4 foizga o‘sgani, xizmatlar eksportining 9,8 mlrd. dollarga yetgani, shuningdek, 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgani mamlakat iqtisodiy salohiyati tobora yuksalayotganidan dalolat berishi ta’kidlandi.
Muhokamalarda ayrim masalalarga tanqidiy va tahliliy yondashildi. Jumladan, iqtisodiy o‘sish sur’atlari bilan bir qatorda byudjet mablag‘larining samaradorligi, investitsiyalarning hududlar kesimidagi taqsimoti, xususiy sektor faolligini yanada qo‘llab-quvvatlash, eksport tarkibini diversifikatsiya qilish, kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarining iqtisodiyotdagi ulushini kengaytirish masalalari yuzasidan savollar, fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA