Ilya Sibirsev jahon kubogida rekord o‘rnatdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Namangan shahridagi “Ocean” suv sporti saroyi tarbiyalanuvchisi Ilya Sibirsev suzish bo‘yicha jahon kubogining uchinchi bosqichida munosib qatnashib, sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqaning qisqa suv yo‘lagida (25 metrli basseyn) o‘tkazilgan 1 ming 500 metrga erkin usulda suzish bahslarida namanganlik sportchi 14:43.97 natija bilan faxrli uchinchi o‘rinni egallab, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu natija O‘zbekistonning mazkur masofadagi yangi milliy rekordi bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, Ostona musobaqasida Ilya Sibirsevdan ilgarilab ketgan belgiyalik Lukas Xenve va vengriyalik Oliver Papai mos ravishda oltin hamda kumush medallarga ega chiqdi.
Ta’kidlash joizki, Ilya jahon kubogining poytaxtimiz Toshkent mezbonlik qilgan bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, 800 metrga erkin usulda suzishda 7:40.77 natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘lib, milliy rekordni yangilagan edi.
Shu tariqa, Sibirsev xalqaro musobaqaning ketma-ket bosqichlarida ikkita bronza medaliga loyiq ko‘rilib, ikki masofada rekordlarini yangilashga erishdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri