Superliga: chempionlikka da’vogarlar durang o‘ynadi
Futbol bo‘yicha mamlakat Superligasining 24-tur markaziy uchrashuvida “Navbahor” jamoasi o‘z maydonida Toshkentning “Paxtakor” klubini qabul qilib, durang (1:1) natija qayd etdi.
O‘yinni ko‘tarinki ruhda boshlagan “Lochinlar” raqib darvozasi oldida bir qator xavfli vaziyatlarni vujudga keltirishdi. Biroq qulay imkoniyatlar yo‘qqa chiqarildi.

Aksincha, birgina yuzaga kelgan xavfli vaziyatni mehmonlar golga aylantirishdi. 43-daqiqada burchak to‘pidan so‘ng iroqlik legioner Zayd Taxsin bosh bilan O‘tkir Yusupov qo‘riqlayotgan darvozani nishonga olib, “Paxtakor”ni oldinga olib chiqdi.

Ikkinchi taymni hisobni tenglashtirishga intilgan Temur Kapadze shogirdlari 52-daqiqada penalti tepishdi. Lekin 99 foizlik imkoniyatdan terma jamoamiz hujumchisi Ruslanbek Jiyanov foydalana olmadi.

Keyingi daqiqalarda ham “Navbahor”ning “hamla”lari davom ettirildi. Hujumkor o‘yin 84-daqiqada o‘z samarasini berib, Muhammadqodir Hamroaliyev sobiq jamoasi posbonini dog‘da qoldirib, muvozanatni tiklashga erishdi.

Shu tariqa, o‘z maydonida yurtimizning eng kuchli jamoalaridan biri, O‘zbekiston oliy va superligalarining kam sonli doimiy ikki ishtirokchisidan biri – “Paxtakor”dan ochko tortib olgan “Navbahor” jamoasi 3-o‘rindagi mavqeini mustahkamladi.

Darvoqe, ushbu uchrashuvni Davlatobod tumanidagi “Markaziy” stadionda tomosha qilish uchun 22 ming 751 nafar muxlis tashrif buyurdi. Bu bilan “Navbahor” ishqibozlari joriy mavsumdagi tomoshabinlar soni bo‘yicha rekordni qayd etdi. Avvalgi natija ham aynan namanganlik futbol ixlosmandlariga tegishli bo‘lganini aytib o‘tish joiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri