Paraosiyo o‘yinlarida vakillarimiz medallar shodasini taqdim etishda davom etmoqda
Yaponiyada o‘tayotgan V Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etib, medallar jamg‘armasini yanada boyitmoda. Xususan, para yengil atletika, para dzyudo, para velosport va para pauerlifting bahslarida hamyurtlarimiz oltin, kumush va bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Para dzyudo bahslarida O‘zbekiston vakillari bittadan oltin hamda kumush va ikki bronza medalini jamg‘ardi. Jumladan, erkaklar o‘rtasida 95 kilogrammdan yuqori vazn toifasida bellashgan Dovurxon Karomatov barcha raqiblarini mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasida J2 yo‘nalishining 70 kilogrammdan yuqori vazn toifasida Mohinur Parmonova uchta g‘alaba va bir mag‘lubiyat bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shu vazn toifasidagi yana bir vakilimiz Habiba Jo‘rayeva, shuningdek, J1 toifasida 70 kilogrammdan yuqori vaznda ishtirok etgan Feruza Ergasheva musobaqani bronza medallari bilan yakunladi.

Para pauerlifting maydonida ham O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarildi. Erkaklar o‘rtasida 80 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Bekzod Jamilov 229 kilogramm toshni muvaffaqiyatli ko‘tarib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Iroq vakili 222 kilogramm natija bilan ikkinchi, Xitoy sportchisi esa 215 kilogramm ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Ayollar o‘rtasida 67 kilogramm vazn toifasida bellashgan Ruxshona O‘ktamova ham 127 kilogramm natija bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Para yengil atletika musobaqalarida hamyurtlarimiz ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi. Uzunlikka sakrashning T13 toifasida Botir Muhammedov 6,24 metr natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Temurbek G‘iyosov balandlikka sakrashning T64 toifasida 1,86 metr natija qayd etib, yana bir bronza medalini O‘zbekiston delegatsiyasiga taqdim etdi. Ayollar o‘rtasida disk uloqtirishning F56/57 toifasida qatnashgan Mohigul Sharobiddinova esa 25,12 metr natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Para velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi V klassida tandem vaqt poygasida ishtirok etgan Robiyaxon Toshpo‘latova pilot-sportchi Olga Zabelinskaya bilan birgalikda 32:45.82 natijani qayd etdi va kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, para dzyudo, para pauerlifting va para yengil atletika yo‘nalishlaridagi muvaffaqiyatlar O‘zbekiston delegatsiyasining medallar jamg‘armasiga yana bir hissa bo‘lib qo‘shildi. Ushbu natijalardan so‘ng hamyurtlarimiz hisobida 21 ta oltin, 26 ta kumush va 23 ta bronza, jami 70 ta medal mavjud. O‘zbekiston umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA