Nodirbek Abdusattorov Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida
Shaxmat bo‘yicha 2022-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi oltin medali sohibi, rapid yo‘nalishi bo‘yicha 2021-yilgi Jahon chempioni, ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi, bugungi kunda dunyoning eng kuchli besh nafar grossmeysteridan biri Nodirbek Abdusattorov “aql gimnastikasi”ga qachon va qanday sharoitda kirib kelgan? Uning qiziqishlari, orzu-intilishlari, kelgusi reja, maqsadlari qanday?
Bugun ushbu savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. O‘zbekiston yoshlarining xalqaro maydondagi intellektual salohiyatini yorqin namoyon etgan N.Abdusattorov Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi tinglovchilari, professor-o‘qituvchi va mutaxassislari bilan ijodiy uchrashuv jarayonida ushbu savollarga atroflicha javob berdi.

Muloqot davomida Nodirbek Abdusattorov o‘zining shaxmatdagi ilk qadamlari, muvaffaqiyatga erishish yo‘li va xalqaro maydondagi tajribasi haqida so‘zlab, erishgan muvaffaqiyatlarida ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi va bergan tarbiyasi muhim o‘rin tutganini, davlatimiz tomonidan doimiy qo‘llov muhim omil bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining birinchi raqamli shaxmatchisi Abdusattorov kutilayotgan nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik, xususan Samarqandda bo‘ladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan o‘tayotgan mashg‘ulotlar tizimi, terma jamoamiz a’zolarining imkoniyati, shaxmatda g‘alabaga erishishning eng muhim xususiyatlari kabi masalalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Savol-javoblarga boy tarzda kechgan uchrashuvning amaliy qismida Nodirbek Abdusattorov akademiya tinglovchilari, professor-o‘qituvchilar bilan bir vaqtning o‘zida blits bahslarni o‘tkazdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA