Zamonaviy boshqaruv modellari va yosh kadrlar bilan ishlashning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida har payshanba kuni yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Navbatdagi uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori U.Husainov hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori S.Shokirova ishtirokida Prezident maktabi bitiruvchilari bilan “Yangi O‘zbekiston” universitetida bo‘lib o‘tdi.

Suhbatda Agentlik direktori U.Husainov Prezident topshiriqlari doirasida Prezident maktablari bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash va ular salohiyatidan samarali foydalanish muhim vazifa ekanini, shuningdek, ularning karera trayektoriyasi doimiy monitoring qilinib, jarayon maxsus platforma orqali raqamlashtirilayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida yangi zamonaviy boshqaruv modellari va yosh kadrlar bilan ishlashning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Jumladan, talabalar tomonidan talabalarni davlat xizmatiga ishga qabul qilish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish, bitiruvchi talabalarni maqsadli tayyorlash, ularni vazirlik va idoralarga biriktirish, talabalarni davlat xizmatchilari qatorida xorijiy amaliyot va stajirovkalarga yuborishni tashkil etish, tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash yuzasidan o‘rganish jarayonlariga jalb etish, boshqaruv samaradorligini oshirish, qog‘ozbozlikni kamaytirishga xizmat qiluvchi sun’iy idrok va raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha qiziqarli takliflar bildirildi.

Bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish, taklif va tashabbuslarini bevosita bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.Tadbir yakunida ushbu formatdagi muloqotlarni doimiy ravishda amalga oshirishga kelishib olindi.
Sherbek Islomov,
O‘zA