To‘xtamishda yangi ko‘prik ishga tushdi
Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanining To‘xtamish mahallasidan o‘tuvchi Vaxshivorsoy sel suvlari soyida qurilgan yangi ko‘prik foydalanishga topshirildi.
Yangi ko‘prik qurilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi fuqarolik institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining 150 million so‘m grant va aholi mablag‘i hamda tuman hokimligi homiyligi asosida bunyod etildi.

Hashar yo‘li bilan qad rostlagan inshootning uzunligi 12 metr, eni 7,5 va balandligi 7 metr bo‘lib, tog‘li hududdagi To‘xtamish, Chuqur Obshir, Zardaqul, Chinor, Bodihavo kabi qishloqlarda yashaydigan 15 mingdan ortiq aholini tuman markazi bilan bog‘lab turadi.

Shu paytgacha ham qishloqda aholi va transport qatnovi uchun mo‘ljallangan ko‘prik bo‘lib, bahor seryog‘in yillari Vaxshivor tog‘i darasidan chiqqan sel ta’sirida yaroqsiz holga kelib, aholining transportda harakatlanishida noqulayliklarni yuzaga keltirayotgan edi. Endilikda soy qirg‘og‘iga mustahkam beton devor o‘rnatilgan ko‘prik bu muammoga chek qo‘yib, transportlar yilning to‘rt faslida ham bir maromda ishonchli harakatlanishi uchun yangi qulayliklar yaratdi.

Zamonaviy ko‘prikni foydalanishga topshirish marosimida tuman hokimi Otabek Mavlyanov, Oliy Majlis senati sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmuratov hamda boshqalar mamlakatimizning chekka va olis qishloqlarida ham aholining munosib turmush kechirishi yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari haqida so‘z yuritdi. Beton devorlari mustahkam yangi inshootni barpo etishda qatnashgan quruvchilar va hasharchilarga chuqur minnatdorlik bildirdi. Eng faol quruvchi va hasharchilarga esdalik sovg‘alar ulashildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA