Uchuvchining sirli parvozi: xavf, mas’uliyat va orzular…
Uchuvchilik ko‘pchilik tasavvurida erkinlik, sayohat va balandlik bilan bog‘lanadi. Uchoq oynasidan pastga qarab, bulutlar orasida suzib borish go‘yo orzudek tuyuladi. Binobarin, bu manzara ortida murakkab jarayon, aniq hisob-kitob va yuqori darajadagi mas’uliyat yashirin. Uchuvchining har bir qarori nafaqat texnik boshqaruv, balki inson hayoti bilan bog‘liq muhim masala.
Bu kasb vakillari ta’kidlashicha, har bir parvoz o‘ta puxta tayyorgarlik talab qiladi. Ob-havo sharoiti, texnik holat, ehtimoliy yo‘nalish o‘zgarishi — barchasi oldindan tahlil qilinadi. Ayniqsa, tebranish, kuchli shamol yoki boshqa biror kutilmagan vaziyat uchuvchidan tezkor fikrlash va sovuqqonlik talab etadi. Shu bois uchuvchiga nafaqat bilim, balki ruhiy barqarorlik va intizom ham havodek zarur.
Parvoz davomida yo‘lovchilar uchun hammasi odatiy ko‘rinsa-da, kabina ichida doimiy nazorat hukmron: har bir belgi, har bir ko‘rsatkich kuzatib boriladi. Eng muhim vazifa esa xavfsizlikni ta’minlash. Uchuvchilar ko‘pincha ichki bosimni yashirgan holda, salonda sokinlikni saqlashga harakat qiladi.
Tabiiyki, bu kasbning o‘ziga xos jozibasi ham bor. Turli mamlakatlarga parvoz, har kuni yangi manzara, turfa muhitda ishlash uchuvchilikni oddiy ish emas, balki hayot tarziga aylantiradi. Bu yo‘lda muayyan vaqt oiladan uzoqda bo‘lish, tartibsiz ish jadvali kabi qiyinchiliklar ham mavjud.
Ushbu jarayonlarni yaqindan his qilish, uchuvchilik kasbining ichki dunyosini chuqurroq anglash maqsadida O‘zA muxbiri “Uzbekistan Airways” uchuvchisi Muhammadjon Nabijonov bilan suhbatlashdi. Muloqot davomida bu kasb ortidagi haqiqiy hayot, mas’uliyat va sinov yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RTlSygZ2iIo" title="Uchuvchining sirli parvozi: xavf, mas’uliyat va orzular…" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo,
Oybek Davronov (video), O‘zA