Namangandagi Yangi Axsi arxeologik yodgorlik majmuasidan 50 dan ortiq nodir qo‘lyozma va toshbosma kitoblar topildi
Topilmalar orasida Abu Mu’in Nasafiyning XI asrga oid nodir kitobi, Qo‘qon xoni Amir Umarxonning mukammal devoni, Buxoro amiri Said Olimxonning topshirig‘i bilan o‘tgan asr boshida Kogondagi Dorus Saltana bosmaxonasida chop etilgan Mullo Muhammad Obidjon ibn Mullo Muhammad Qobil Oxund Namangoniyning “Tuxfatul obidin anisul oshiqin” kitoblari mavjud. Ularning eng qimmatlilari qatorida Xoja Ali Romitaniy, Xoja Ahrori Valiy, Mavlaviy Abdulhay Laknaviylarning nodir risolalari turibdi.
Ta’kidlash kerak, manbalar o‘rganilganda, Namangan, Toshkent, Buxoro va Samarqandning yirik savdogarlari XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshida elga ma’naviyat ulashish, ziyo taratish bo‘yicha katta hajmda ish olib borgan.
Yangi Axsi majmuasi rahbari, manbashunos olim Bilolxon Rustamov ushbu topilmani tadqiq etish jarayonida Hoji Chirog‘iddin Sirojiddin tojir, Mullo Abdulqodir Mahdum, Sayyid Zafar Buxoriy, Qobil Oxund Namangoniy, Ishoqxon To‘ra Ibrat tomonidan Lohur, Dehli, Istanbul, Qozon, Toshkent bosmaxonalarida yuzlab tomda, yuz minglab adadda kitoblar bostirilgani haqida yangi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Topilmalar orasida Abu Bakr ibn Muhammad Ali Qurayshiy tomonidan tasnif etilgan “Anisul voizin”, Qoriyning mukammal devonlari, “Miftoxul Junon Misboxul iymon”, Tarix kitobi, Firdavsiyning “Shohnoma”si, hadislarning forsiy sharhi berilgan “Axodisul a’mol”, grammatikaga oid “Risolati mag‘zi dar ilmi harf”, Sa’diy She’roziyning “Guliston” asari, Mavlaviy Sharif Buxoriyning “Nazmul Muxtasar”, Ziyouddin Naxshabiyning “Silku Suluk”, shuningdek, “Tuhfatul Xomidiya”, “Muxtasari Turkiy”, “Tarjimatus soil val masoil”, “Naf’ul muftiy”, “Durrul Majolis”, “Irshodi tolibin”, “Risolai Anfosi nafsi”, “Murodul Orifin” kabi nodir manbalar mavjud.
[gallery-19630]
Axsikatiylar va Axsaviylar ilmiy tadqiqot markazidagi qo‘lyozma va toshbosma manbalar soni ushbu topilmalar bilan birga 4000 mingdan ortdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA