Odil Yoqubov - inson qalbining zabardast tadqiqotchisi
Bugun ustoz adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov tavalludiga 100 yil to‘ldi.
O‘zbek adabiyoti tarixida shunday adiblar borki, ularning asarlarini o‘qiganingizda faqat voqealar bilan tanishmaysiz, balki o‘z qalbingizga ham nazar tashlaysiz. Qahramonlarning taqdiri orqali hayot haqida o‘ylaysiz, insonning qadri, vijdon, adolat va haqiqatning mohiyatini yanada chuqurroq anglaysiz. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov ana shunday qalam sohiblaridan biri edi. Uning asarlari o‘zbek adabiyoti xazinasidan munosib o‘rin egallagani bejiz emas. Chunki adib ijodining markazida eng murakkab va ayni paytda eng aziz mavzu — INSON turadi.
Odil Yoqubov 1926-yil 20-oktabrda hozirgi Qozog‘iston hududidagi Qarnoq qishlog‘ida tug‘ildi. Uning hayoti XX asrning murakkab voqealari, og‘ir sinovlari va katta o‘zgarishlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushi davridagi hayot tajribasi, odamlar taqdiri, zamonning og‘ir sinovlari yozuvchining dunyoqarashi va insonlarga munosabati shakllanishida muhim o‘rin tutdi.
Keyinchalik u Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olib, adabiyot olamiga yanada chuqurroq kirib keldi. 1951-yilda nashr etilgan «Tengdoshlar» qissasi uning ijodiy yo‘lidagi dastlabki muhim qadam bo‘ldi. Shundan so‘ng adib o‘zining betakror uslubi, hayotiy qahramonlari va samimiy tasvirlari bilan kitobxonlar e’tiborini qozona boshladi. 1985-yilda unga «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» faxriy unvoni berildi.
Odil Yoqubovning hayotiga nazar tashlar ekanmiz, bir haqiqatni anglaymiz: u adabiyotni shunchaki kasb deb emas, balki inson va jamiyat oldidagi ma’naviy mas’uliyat deb bilgan ijodkor edi. Uning qalamida hayotning oddiy ko‘ringan manzaralari ham katta ma’no kasb etadi. Bir insonning sukuti, bir og‘iz aytilmagan gap, bir lahzalik ikkilanish yoki vijdon oldidagi tanlov asarning asosiy g‘oyasiga aylanishi mumkin.

Odil Yoqubov ijodi haqida gap ketganda, avvalo, «Ulug‘bek xazinasi», «Ko‘hna dunyo», «Diyonat», «Er boshiga ish tushsa…», «Oqqushlar, oppoq qushlar» va «Adolat manzili» kabi asarlar tilga olinadi. Ularning har biri o‘zining badiiy olami, qahramonlari va o‘quvchini o‘ylashga undaydigan g‘oyalari bilan ajralib turadi. Ustoz yozuvchining boy adabiy merosi jahon kitobxonlari e’tiborini qozongan. Manbalarda adib asarlari dunyoning 90 tiliga tarjima qilingani qayd etiladi. Ayniqsa, “Ulug‘bek xazinasi” romani ko‘plab xalqlar tillariga o‘girilib, o‘zbek adabiyotining xalqaro miqyosdagi shuhratini oshirgan
Adibning «Ulug‘bek xazinasi» romani alohida e’tiborga loyiq. Asarda buyuk mutafakkir Mirzo Ulug‘bekning fojiali taqdiri, ilm va ma’rifatga sadoqati, haqiqat yo‘lidagi kurashi badiiy ifoda topadi. Romanni o‘qir ekanmiz, insonning buyukligi faqat uning egallagan mavqei yoki atrofidagi boyliklar bilan belgilanmasligini his qilamiz. Haqiqiy xazina ilm, tafakkur, ma’naviyat va kelajak avlodlarga qoldirilgan ezgu merosdir.
Ulug‘bek obrazi orqali yozuvchi muhim savolni o‘rtaga tashlaydi: inson haqiqatni anglasa-yu, uni himoya qilish oson bo‘lmasa, qanday yo‘l tutishi kerak? Bu savol faqat tarixga tegishli emas. U bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Chunki har bir davrda bilimni qadrlash, adolatni himoya qilish va vijdonga sodiq qolish insondan jasorat talab etadi.
«Diyonat» romanida esa insonning ma’naviy qiyofasi, halollik va vijdon masalalari muhim o‘rin tutadi. Hayotda muvaffaqiyatga erishish mumkin, obro‘-e’tibor qozonish mumkin, ammo inson o‘z vijdoni bilan kelisha olmasa, qalb xotirjamligiga erishishi qiyin. Odil Yoqubov asarlarining ta’sirchanligi ham shunda: u kitobxonga tayyor xulosani majburan singdirmaydi, balki uni o‘zi o‘ylashga, solishtirishga va qaror chiqarishga undaydi.
Odil Yoqubov asarlarini o‘qishning o‘ziga xos zavqi bor. Uning qahramonlari hayotdan uzilgan, sun’iy yaratilgan odamlar emas. Ular sevinadi, iztirob chekadi, adashadi, pushaymon bo‘ladi, ba’zan o‘z manfaatini tanlaydi, ba’zan esa og‘ir bo‘lsa-da, haqiqat tomonida turishga harakat qiladi.
Adib insonni faqat yaxshi yoki yomon deb ikkiga ajratib qo‘ymaydi. Uning ichki kurashlariga, qarorlarining sabablari va ma’naviy tanlovlariga e’tibor qaratadi. Shu bois uning asarlaridagi voqealar kitobxonni shunchaki qiziqtirib qolmay, uning qalbida ham aks-sado beradi.
Inson ba’zan birovni ranjitib qo‘yganini ancha vaqt o‘tgach anglaydi. Ba’zan haqiqatni aytishga qo‘rqadi. Ba’zan esa hamma oson yo‘lni tanlayotganda, to‘g‘ri yo‘ldan borish uchun jasorat topishi kerak bo‘ladi. Odil Yoqubov ijodi ana shu hayotiy holatlarning mohiyatini ochib berishga intiladi.
«Ko‘hna dunyo» kabi asarlarida ham o‘tmishga murojaat inson va zamon munosabatlarini anglashga xizmat qiladi. Tarixdagi voqealar o‘zgarishi mumkin, davrlar almashadi, odamlarning yashash tarzi yangilanadi. Biroq, inson oldida turadigan ayrim savollar hamisha bir xil qoladi: haqiqat nima, adolat qayerda, manfaat va vijdon to‘qnashganda qay biri ustun keladi?
Bugungi tezkor va shiddatli zamonda ham bu savollar biz uchun dolzarb. Texnologiyalar rivojlanishi, axborot oqimining kuchayishi va hayot tarzining o‘zgarishi insonning ma’naviy mas’uliyatini kamaytirmaydi. Aksincha, har qanday sharoitda mustaqil fikrlash, haqiqatni anglash va inson qadrini hurmat qilish yanada muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu ma’noda, Odil Yoqubov merosi faqat adabiyot ixlosmandlari uchun emas, balki hayotning ma’nosini chuqurroq tushunishga intiladigan har bir inson uchun ham qadrli.

Odil Yoqubov nafaqat nasrnavis, balki dramaturg, publitsist va adabiyot arbobi sifatida ham samarali faoliyat olib borgan. Uning hayoti davomidagi mehnati o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga xizmat qildi. 1977-yilda «Diyonat» romani uchun Hamza nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan, keyinchalik boshqa mukofot va ordenlarga ham sazovor bo‘lgan. Adib 2009-yil 21-dekabrda Toshkent shahrida vafot etdi.
Ammo ijodkorning haqiqiy umri uning yashagan yillari bilan o‘lchanmaydi. Uning haqiqiy umri asarlari qayta o‘qilganida, qahramonlari haqida bahslar davom etganida, kitobxon uning satrlaridan o‘z hayotiga daxldor ma’no topganida davom etadi.
Odil Yoqubov asarlarining qadri ham ana shunda. Uning kitoblarini qo‘lga olgan yosh avlod nafaqat o‘zbek adabiyotining boy imkoniyatlari bilan tanishadi, balki halollik, mas’uliyat, inson qadri va ma’naviy jasorat haqida ham mulohaza yuritadi. Katta yoshli kitobxon esa ularda hayot tajribasi, inson tabiatining murakkabligi va o‘tgan yillarning saboqlarini qayta kashf etishi mumkin.
Odil Yoqubov — o‘z asarlari orqali insonni anglashga, uning qalbidagi ezgulikni asrash va hayotga befarq bo‘lmaslikka chorlagan adib. Uning ijodi bizga bir haqiqatni eslatadi: insonning qadri uning boyligi, mansabi yoki tashqi ko‘rinishi bilan emas, balki vijdoni, mehri, adolatga munosabati va boshqalar taqdiriga bo‘lgan mas’uliyati bilan belgilanadi.
Adibning kitoblarini o‘qir ekanmiz, o‘tmish qahramonlari bilan suhbatlashgandek bo‘lamiz, bugungi hayotimizga boshqacha nigoh bilan qaraymiz va ertangi kun oldidagi mas’uliyatimizni his etamiz. Balki haqiqiy adabiyotning buyukligi ham shundadir: u insonga hayotni ko‘rsatish bilan cheklanmay, qanday yashash haqida o‘ylashga ham undaydi.
2026-yilda ustoz adib Odil Yoqubov xotirasiga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom uning xalqimiz ma’naviy hayotidagi o‘rnini yana bir bor namoyon etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28-maydagi farmoniga muvofiq, o‘zbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli adib Odil Yoqubov «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi.
Bu mukofot nafaqat buyuk adibning ko‘p yillik ijodiga berilgan yuksak baho, balki uning boy adabiy merosiga, millat ma’naviyati va tafakkuri ravnaqi yo‘lidagi xizmatlariga ko‘rsatilgan chuqur ehtirom ifodasidir.
Odil Yoqubovning asarlari xalqimiz qalbida yashar ekan, uning nomi, ijodiy jasorati va ma’naviy merosi hamisha e’zozlanadi. Zero, haqiqiy adibning umri u yaratgan asarlar va xalq xotirasida davom etadi.
Aytish kerakki, adibning 100 yillik sanasi munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Uning asarlarini targ‘ib etish borasida adabiy anjumanlar, davra suhbatlari, muloqotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Bularning bari mamlakatimizda adabiyot, ma’naviyat, ustoz yozuvchi va shoirlar ijodi davlatimiz e’tiborida ekanining amaliy tasdig‘i.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri