“O‘zsanoatqurilishbank”da til bayrami: milliy o‘zlikka ehtirom, davlat tiliga e’tibor
“O‘zsanoatqurilishbak” Bosh ofisida “Ona tili – millat ruhi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, uyushma vakillari hamda bank xodimlari ishtirok etdi.
Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda ona tilimizning xalqimiz tarixi, milliy o‘zligi, adabiy merosi va davlatchilik an’analarini asrab-avaylashdagi beqiyos o‘rni xususida so‘z yuritildi. Buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy xazina, o‘zbek adabiyotining jahon tamaddunidagi o‘rni va tilga ehtiromning avlodlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida fikr almashildi. Bank xodimlari ijrosidagi she’rlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
– Ona tilimiz bayramini har yili o‘zgacha hayajon va ko‘tarinki kayfiyat bilan qarshi olamiz, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Zero, xalqning ma’naviy qudrati, milliy o‘zligi va tarixiy xotirasi, avvalo, uning tilida namoyon bo‘ladi. Bizning bebaho boyligimiz – asrlar osha sayqal topgan tilimiz boy adabiyotimiz, ulug‘ ustozlarimiz va o‘z so‘zi, tafakkuri bilan jahon ahlini hayratga solgan buyuk allomalarimiz bilan qadrlidir. Uni asrab-avaylash har birimiz uchun sharafli burch. Chunki o‘z tilini ardoqlagan xalq o‘zligini, tarixini va ma’naviy ildizlarini asraydi.
Mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2025-yil 20-oktabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi 437-son qarori bilan tashkilotlarda ish yuritish samaradorligini oshirish, qonunchilik talablariga rioya etish va rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilangan.
“O‘zsanoatqurilishbank”da mazkur hujjatlar ijrosi doirasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ichki me’yoriy hujjatlar, xizmat yozishmalari, elektron hujjat almashinuvi tizimidagi materiallar, shuningdek, Kuzatuv kengashi, aksiyadorlar va xalqaro hamkorlar bilan bog‘liq hujjatlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida rasmiylashtirilmoqda.
Bankning reklama va axborot materiallari, moliyaviy mahsulotlar nomlari, mijozlarga taqdim etiladigan hujjatlar hamda tashqi yozuvlarning adabiy til me’yorlariga muvofiqligiga e’tibor kuchaytirilgan. Shuningdek, bankomatlar, terminallar, infokiosklar va dasturiy mahsulotlarda o‘zbek tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga ahamiyat berilmoqda.
– Davlat tiliga hurmat – milliy qadriyatlarimizga ehtirom va yuksak mas’uliyat ifodasi bo‘lib, u kundalik faoliyatimiz, ish yuritish va muloqot madaniyatimizda namoyon bo‘lishi kerak, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Adham Islamov. – Shu bois bankda hujjatlar va axborot materiallarining adabiy til me’yorlariga muvofiqligini ta’minlash, xodimlar malakasini oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Xususan, yuzga yaqin mutaxassisimiz davlat tilida ish yuritish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini tamomlab, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Uchrashuv savol-javoblarga ham boy bo‘ldi. Ishtirokchilar raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlarning tilimizga ta’siri, uning sofligi va boyligini asrash, yosh avlod qalbida ona tiliga muhabbat uyg‘otish masalalari yuzasidan mehmonlarning fikr-mulohazalarini tingladilar. Shuningdek, bankning raqamli xizmatlarida o‘zbek tilidan ravon va tushunarli foydalanish, bu borada adiblar bilan hamkorlikni kuchaytirish haqidagi savollarga ham javob oldilar.
Bank Axborot xizmati
Reklama huquqi asosida