Adliya vazirligi tizimida arxiv hujjatlarini raqamlashtirish orqali davlat xizmatlari yanada qulay va ovoragarchiliklarsiz ko‘rsatilmoqda.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlarida saqlanayotgan 60 milliondan ortiq qog‘oz shaklidagi dalolatnoma yozuvlari raqamlashtirildi va axborot tizimlariga kiritildi.
8 milliondan ortiq oila tarkibi shakllantirildi. Ularni fuqarolarga tegishli bo‘lgan Jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)ga to‘liq biriktirish choralari ko‘rilmoqda.
Natijada o‘rtacha xizmat ko‘rsatish vaqtini 12 daqiqadan 5-7 daqiqagacha qisqartirishga erishildi.
Fuqarolar tomonidan ayrim vakolatli tashkilotlarga taqdim etiladigan hujjatlarning axborot tizimi orqali olinishi yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida esa 2023-yilda 20 tonnadan ortiq qog‘oz hamda 21 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tejaldi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali tug‘ilganlik haqida birlamchi va takroriy guvohnomalar olish uchun onlayn ariza yuborish va natijasi yuzasidan guvohnomalarni pochta orqali yashash manziliga yetkazib berish xizmatlari joriy qilindi.
Mazkur xizmatlar fuqarolarga ko‘plab qulaylik va imkoniyatlar yaratganini inobatga olgan holda boshqa turdagi guvohnomalarni olish uchun ham YAIDXP orqali onlayn arizalar berish imkoniyatlarini yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, FHDYO organlari tomonidan 5 ta xizmatni tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda 15 mingdan ortiq xizmat belgilangan muddatlardan oldin ko‘rsatilishi ta’minlandi.
Arxiv hujjatlari bilan ishlash tizimini joylarda ham takomillashtirish, aholiga bu borada xizmat ko‘rsatishni yaxshilashga e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev joylarda bo‘lib, xizmat ko‘rsatish sifatini o‘rganmoqda.
Vazir o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatida FHDYO bo‘limlari va idoraviy FHDYO arxivida bo‘lib, ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganilib, ularning sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi.
N.Abduraimova,
O‘zA